19:59 / 07.03.2020
0
5124

Bloomberg jahon iqtisodiyoti koronavirus sababli 2,7 trln dollar zarar ko‘rishi mumkinligini ma'lum qildi

Agarda kasallik tarqalishi AQSh, Hindiston, Buyuk Britaniya, Kanada va Braziliyada ham avj olib ketsa, bu jahondagi eng yirik iqtisodiyotga ega o‘nta davlatning iqtisodiy o‘sishi sekinlashishini bildiradi.

Foto: EPA

Yangi koronavirus epidemiyasi sababli jahon iqtisodiyoti koronavirus sababli 2,7 trln dollargacha zarar ko‘rishi mumkin, deb ogohlantirdi Bloomberg ekspertlari. Ular ushbu kasallik rivojlanishi bilan bog‘liq to‘rt xil ssenariyni tasvirladi. 

Eng yaxshi ssenariyga ko‘ra, Xitoy kasallik ustidan tezkorlik bilan nazorat o‘rnatadi va ikkinchi chorakda uning oqibatlarini bartaraf etadi. Jahon iqtisodiyotiga koronavirus ta'siri sezilarsiz bo‘ladi, deb taxmin qilmoqda ekspertlar.

Ikkinchi ssenariyga ko‘ra, Xitoy koronavirusni darhol bartaraf eta olmaydi. Shu bilan birga, Janubiy Koreya, Italiya, Yaponiya, Fransiya va Germaniyada kasallikning avj olishi bu davlatlarning iqtisodiyotiga zarar yetkazadi, deya qayd etadi ekspertlar. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, mazkur holatda 2020 yilda iqtisodiyotning o‘sishi ilgari taxmin qilinganidek 3,1 emas, 2,2 foiz bo‘ladi.

Agarda kasallik tarqalishi AQSh, Hindiston, Buyuk Britaniya, Kanada va Braziliyada ham avj olib ketsa, bu jahondagi eng yirik iqtisodiyotga ega o‘nta davlatning iqtisodiy o‘sishi sekinlashishini bildiradi, chunki ular kuchlarini virus tarqalishiga qarshi kurashga safarbar etadi. U holda global iqtisodiyotning 2020 yildagi o‘sish sur'ati 1,2 foizgacha tushadi, Yevrohudud va Yaponiya retsessiyaga duchor bo‘ladi.

Ekspertlar to‘rtinchi ssenariyda eng salbiy holatni taxmin qilmoqda. Virus barcha mamlakatlarga tarqaladigan bo‘lsa, jahon iqtisodiyoti 2,7 trln dollargacha zarar ko‘radi, o‘sish esa nolga teng bo‘ladi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra esa, koronavirus keng miqyosda tarqaladigan bo‘lsa, 2020 yilda global global iqtisodiyotning o‘sishi ikki baravarga sekinlashib, 1,4-1,5 foizni tashkil etadi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top