08:51 / 07.03.2020
5
87742

«Ozoda, lekin xavfli shahar» – Varlamovning Samarqandga sayohat taassurotlari (video)

Rossiyalik mashhur bloger Ilya Varlamov shu yilning fevral oyida Samarqandga sayohat qildi va o‘z taassurotlari haqida videolavha tayyorladi.

Varlamov dunyoning ko‘plab mamlakatlariga sayohat qilishi va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishi orqali nom qozongan. Bu safar Ilya yana bir rossiyalik bloger Maksim Vernik bilan birgalikda Samarqandga keldi.

Dastlab sayohatchilar samarqandcha oshning tayyorlanish jarayonini suratga olishdi. Osh va o‘zbek noni juda mazali ekanini e'tirof etishdi. Ikki kishi bo‘lib ovqatlanish arzon, atigi $9 ekanidan hayron bo‘lishdi.

Shundan so‘ng do‘stlar Samarqandning «Siyob» dehqon bozoriga borishdi. Bu yerda narx-navoning Moskvaga qaraganda 10 barobar arzonligidan taajjublanishdi – non $0,2, anor sharbati $0,5, ziravorlar $2,1, zarbof chopon $23.

Varlamov Registonning chiroyidan hayratlanar ekan, madrasalardan birining oldiga qo‘yilgan militsiya budkasi va tuvakdagi gullarning beo‘xshov ekanidan ranjidi.

Bloger Samarqand shahri arxitekturasidagi, obodonlashtirish ishlaridagi kamchiliklarga e'tibor qaratdi. Xususan, piyodalar yo‘lagida chuqurchalar va to‘siqlar ko‘pligini, yo‘lni kesib o‘tish joylarining xavfli ekanini, transport vositalari piyodalar yo‘lagiga qo‘yilganini ta'kidladi.

Shuningdek, shahardagi e'lonlarning deyarli barchasi negadir rus tilida yozilganidan taajjublandi.

Samarqand temir yo‘l vokzali Varlamovga yoqdi. Uning tarixiy qiyofasi saqlanib qolgan holda, milliy an'analarga xos tarzda ta'mirlanganini maqtadi. Ammo panjaralar bilan o‘rab olingani va tekshirishlar haddan ortiq ko‘pligidan afsuslandi.

Rossiyalik bloger Samarqanddagi tramvay yo‘nalishiga ham e'tibor qaratdi. Uning fikricha, tramvayning jamoat transporti sifatida qayta tiklanishi ijobiy holat. Ammo temir yo‘llarning sifatsiz qurilgani, maxsus bekatlarning yo‘qligi, odamlar yo‘lning serqatnov va xavfli qismida tramvaydan tushishga majbur bo‘layotganini xavotir bilan tilga oldi.

Varlamov Samarqandni «ozoda, ammo hayot uchun xavfli shahar» deya ta'riflaydi. Yo‘llardagi ariqlar usti ochiqligi, chuqurcha va to‘siqlarning ko‘pligi, tunda ko‘cha chiroqlarining ishlamasligi – hayot uchun xavfli holatlar ekanini ta'kidladi.

Videolavha yakunida bloger Samarqanddagi tinch va osoyishta hayotni tilga oldi. Sayohat qilish, ko‘chalarni aylanish, suratga olishga hech kim to‘sqinlik qilmaganini, odamlar xushmuomala va yordamga tayyor ekanini, o‘zini bu shaharda xavfsiz his qilganini qayd etdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top