19:18 / 09.03.2020
65883

JSSTning koronavirus bo‘yicha ekspertlari O‘zbekistonga kelib, vaziyatga baho berishdi

Shu kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning koronavirusga tayyorgarlik bo‘yicha yetakchi konsultanti Ute Enderleyn va tashkilotning favqulodda holatlarga tayyorgarlik ko‘rish dasturining mas'ul xodimi Jyetri Regmi dunyoda davom etayotgan epidemiyaga qarshi olib borilayotgan choralar va profilaktik tadbirlarning texnik ekspertizasini o‘tkazmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili O‘zbekistonda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish xalqaro talablar asosida amalga oshirilayotganini ma'lum qildi.

«Ular mamlakatimizga kirish hududlaridagi sanitariya-karantin punktlarida nazorat va profilaktik tadbirlarni tashkil qilish, davolash muassasalarining xavfsizligini ta'minlash, laboratoriyalar salohiyatini mustahkamlash kabi qator masalalar bo‘yicha texnik tavsiyalarini ham berishmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

«Biz yurtingizda bir hafta mobaynida bo‘lib, koronavirus infeksiyasining chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, epidemiologik nazoratni kuchaytirish borasidagi ishlar xalqaro talablar asosida, JSST tomonidan ishlab chiqilgan standartlar va tavsiyalarga mos ravishda amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik. Yurtingizda ushbu infeksiyaga qarshi barcha choralar ko‘rilmoqda», degan Ute Enderleyn.

Bundan tashqari, JSSTning ekspertlari O‘zbekiston mutaxassislari bilan hamkorlikda jahondagi koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik holatni hisobga olgan holda favqulodda vaziyatlarda qanday yo‘l tutish bo‘yicha ham o‘zaro tajriba almashmoqda.

«O‘z o‘rnida aytib o‘tish lozimki, ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID-19 infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida sanitariya-karantin punktlarida barcha ehtiyot choralari ko‘rilib, nazorat kuchaytirilgan. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas'ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilingan.

Eslatib o‘tamiz, shu kungacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor aholidan ortiqcha sarosimaga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilishlarini so‘rab qoladi», deyiladi vazirlik xabarida.

  • 9 mart holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi kirib borgan mamlakatlar soni 104taga yetgan, butun dunyoda 111 645 kishida virus aniqlangan, virus qurbonlari soni 3884 nafarni tashkil qilmoqda.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top