20:10 / 09.03.2020
4076

O‘zbekiston Rossiya bilan 7,3 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 mart, dushanba kuni, Rossiya va Ozarboyjon bilan ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va rivojlanish istiqbollari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Keyingi yillarda ushbu mamlakatlar bilan o‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari muttasil ortib borayotgani qayd etildi. Xususan, 2019 yil yakunlariga ko‘ra Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan 17 foizga ortib, 6,6 milliard dollarni tashkil etdi, Ozarboyjon bilan ikki tomonlama savdo hajmi esa 55,7 foizga oshdi.

Investitsiyaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda. O‘tgan yili O‘zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokida 484ta yangi korxona tashkil etildi, shunda ularning soni umumiy hisobda 1828taga yetdi. Bugungi kunda mamlakatimizda Ozarboyjon kapitali ishtirokida tashkil etilgan 178ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Yig‘ilishda ushbu mamlakatlar bilan qo‘shma loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish hamda investitsiya, savdo va transport-logistika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida e'tibor qaratildi», deyiladi xabarda.

Rossiya Federatsiyasi bilan bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar muhokama qilindi. Xususan, rossiyalik sheriklar bilan 3,5 mingta ish o‘rni yaratish imkonini beradigan qiymati 7,3 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ozarbayjonlik hamkorlar bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish doirasida umumiy qiymati 355 million dollardan ziyod loyihalar ishlab chiqilayotgani ta'kidlandi. Jumladan, yengil avtomobil va avtobuslar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Neft-gaz sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik kengaymoqda.

Ushbu tadbirlarni mazmunan boyitish zarurligi alohida qayd etildi, ishni samarali tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Joriy oyda Ozarbayjon va Rossiya bilan qator ikki tomonlama tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, 16-17 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishi, mart oyining uchinchi o‘n kunligida esa Rossiya Federatsiyasi bilan shunday tadbir o‘tkazish mo‘ljallangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya va Ozarbayjonning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan savdo va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, sanoat, shu jumladan agrosanoat, transport va logistika, ta'lim va innovatsiyalar Rossiya bilan hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Ozarbayjon bilan agrar sanoat, uzumchilik va vinochilik, zargarlik, neft va gaz, transport va logistika, ta'lim sohalarida qo‘shimcha yangi loyihalarni ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan aloqador vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, vazifalarning samarali ijrosini ta'minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar belgilandi.

Top