15:49 / 10.03.2020
7912

Jirinovskiy 2024 yildan prezidentni Davlat kengashi qarori bilan tayinlashni taklif qildi

LDPR yetakchisi davlat rahbarini "sartaroshlar, manekenlar, daraxt kesuvchilar" tanlamasligi kerakligini aytdi. U bunday tartibni 2024 yildan boshlab kiritishni taklif qilmoqda

Foto: RIA Novosti / Ilya Pitalev

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) raisi Vladimir Jirinovskiy mamlakat prezidentini saylash tartibini o‘zgartirishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yildan boshlab davlat rahbarini tayinlash huquqini tavsiya etilgan eng yaxshi nomzodni tanlaydigan Davlat kengashiga topshirish kerak.

“Har olti yilda olti oy davomida mamlakatni silkitishni bas qiling. Saylovlarga sartaroshlar, manekenlar, daraxt kesuvchilar boradi. Bizda konstitutsiyaviy organ - Davlat kengashi mavjud. U yerga mamlakatdagi eng yaxshi olimlar, deputatlar, vazirlar, gubernatorlarni to‘plash kerak. Ularning barchasi saylangan. Davlat rahbari kim bo‘lishini ular hal qilsin”, - dedi Jirinovskiy “Rossiya 24” telekanali efirida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Davlat kengashi yig‘ilishida tayinlanishi kerak. Davlat kengashi esa hukumat, ilm, jamoatchilik vakillaridan tashkil topishi lozim bo‘ladi.
“Eng obro‘li 40-50 kishini to‘plasa bo‘ldi, ular bir necha soat ichida prezidentni saylashadi”, — dedi Jirinovskiy.

LDPR yetakchisining aytishicha, prezident saylashning hozirgi tartibi “tahqirlash” xolos.

Jirinovskiy shuningdek Rossiya konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritilganidan so‘ng Davlat dumasiga navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazishni taklif qildi.

Bugun Davlat dumasida Rossiya konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqiladi. Qonun loyihasi ertaga, 11 mart kuni uchinchi o‘qishdan so‘ng Federatsiya kengashiga yuboriladi.

Shu yilning 15 yanvarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi.

Top