23:11 / 13.03.2020
9394

594 jilddan iborat «Turkiston to‘plami» haqida bilasizmi?

O‘zbekiston milliy kutubxonasi fondida «Turkiston to‘plami» nomli, 594 jilddan iborat noyob manbalar yig‘indisi saqlanadi. Unda Markaziy Osiyoning XIX asr 70 yillari boshidan 1917 yilgacha bo‘lgan davri aks etgan.

Foto: AOKA

Mazkur to‘plam haqida bugun, 13 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ma'lumot berildi.

«Turkiston to‘plami» davriy nashrlarlardan, ba'zan esa alohida kitoblardan kesib olingan parchalardan iborat bo‘lib, Markaziy Osiyo tarixi, etnografiyasi, geografiyasi, iqtisodi va madaniyati bo‘yicha o‘ziga xos ensiklopediya vazifasini o‘taydi.

To‘plamda keltirilgan ma'lumotlar 150 yil avvalgi davrga borib taqaladi.

«Bu faqat rus va o‘zbek tilida emas. Qator Yevropa tillarida ham mamlakatimizga oid manbalar mavjud», – deya ma'lumot berdi Fanlar akademiyasi tarix instituti professori Dono Ziyayeva.

Dono Ziyayeva Foto: AOKA

U «Turkiston to‘plami» o‘z ichiga olgan davrda O‘zbekiston hududida sodir bo‘lgan qo‘zg‘olonlar, ularning turli manbalarda yoritilishi haqida ma'lumot berdi.

«Turkiston to‘plami» qamrab olgan davrda 3ta yirik qo‘zg‘olon: «Vabo qo‘zg‘oloni», «Andijon qo‘zg‘oloni» va «Umumturkiston qo‘zg‘oloni» bo‘lib o‘tgan.

Ular haqidagi asosiy manbalar rus tilida. Mahalliy manbalar esa, asosan, xalq og‘zaki ijodi ko‘rinishida saqlangan.

Rus manbalarida, albatta, hukmron davlat kayfiyati seziladi. Biroq qo‘limizda 1916 yil dekabr oyida Davlat dumasida Turkistondagi qo‘zg‘olonlarga bag‘ishlangan «Yopiq eshiklar ortida» nomi ostidagi yig‘ilishining stenogrammasi bor. Unda xolisona ma'lumotlar saqlanib qolgan. Hozir bu stenogramma Toshkentda saqlanmoqda», – deydi Dono Ziyayeva.

Uning aytishicha, garchi rus manbalarida qo‘zg‘olonlarga berilgan real baho bo‘lmasa-da, tarixiy faktlar uchun (qo‘zg‘olonlar boshlanish vaqti, ishtirok etganlar soni) ulardan foydalanish ehtiyoji bor.

Foto: AOKA

O‘sha davrdagi xalq kayfiyatini esa mahalliy manbalar, jumladan, xalq og‘zaki ijodi orqali o‘rganish mumkin.

Bundan tashqari, Dono Ziyayeva to‘plamda Markaziy Osiyo aholisining XIX asr 70 yillari boshidan 1917 yilgacha bo‘lgan davrdagi diniy hayoti haqida ham hikoya qilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Mahalliy aholi e'tiqod qiladigan islom diniga garchi mustamlakachilar xayrixohlik bilan qaramagan bo‘lsa-da, islom diniga qiziqish bilan qarashgan va uni o‘rganishga harakatlar bo‘lgan», – dedi Ziyayeva.

Ta'kidlanishicha, «Turkiston to‘plami»dan o‘rin olgan ma'lumotlar asosida qator ilmiy ishlar va ularni keng jamoatchilikka tanitish uchun harakatlar qilinmoqda.

Top