13:52 / 13.03.2020
122716

Qozog‘istonda koronavirus qayd etildi

Qozog‘istonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati qayd etildi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov ma'lum qildi.

Foto: RIA Novosti

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda kasallanishning ikkita holati aniqlangan.

«Afsuski, qayta tekshirilgan bugungi ma'lumot shundan dalolat bermoqdaki, koronavirus testi natijasi ijobiy bo‘lgan. Bu Germaniyadan kelgan bemorlarda topildi», - deya aytib o‘tdi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri.

Bildirilishicha, ushbu fuqarolar Olmaotadagi yuqumli kasalliklar statsionarida izolyatsiya qilingan.

Qozog‘iston OAV xabarlarida aytilishicha, koronavirus bilan kasallangan fuqarolardan biri 9 mart kuni mamlakatga kelgan. Ikkinchisi - 12 martda. 

«Yana 73 yo‘lovchi bo‘lgan, ro‘yxatlar mavjud. Ular kuzatuv ostida qolmoqda. Biz ularni izolyatsiyaga olish bo‘yicha harakatlarni boshlayapmiz, ya'ni qidirib topish va karantinga joylashtirish. Ular kasal emas, ammo 14 kun davomida karantinda qoladi», - dedi Birtanov.

Ta'kidlanishicha, ikkinchi bortdagi odamlar, jumladan ekipaj a'zolari, yangi qaror amal qilgani tufayli, darhol karantinga joylashtirilgan. Ular mamlakat hududiga qo‘nganidan beri butunlay izolyatsiyada ekani aytiladi.

Qozog‘iston hududida koronavirusga chalingan shaxslar bilan aloqada bo‘lganlarni qidirib topish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Avvalroq koronavirus 16 martgacha Qozog‘istonda paydo bo‘lishi prognoz qilingandi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi dunyo bo‘ylab jami 135 073 kishida aniqlangan, ulardan 70 405 nafari sog‘ayib ketgan, 4990 kishi vafot etgan.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, virus tarqalishining eng yirik o‘chog‘i Xitoy bo‘lib qolmoqda (81 mingga yaqin zararlanish holati, 3177 o‘lim, 64 mingdan ortiq kishi sog‘aygan. Italiya (15113 holat, 1016 o‘lim), Eron (10 075 holat, 429 o‘lim), Janubiy Koreya (7979 holat, 71 o‘lim) davlatlarida ham vaziyat og‘irligicha qolmoqda.

Bundan tashqari, Ispaniya (3248 holat, 87 o‘lim), Fransiya (2876 holat, 61 o‘lim), Germaniya (2750 holat, 6 o‘lim) va AQSh (1762 holat, 41 o‘lim) davlatlarida ham bemorlar soni tez sur'atlarda ortib bormoqda.

JSSTning 12 mart kungi ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir kun ichida Xitoyda 21 yangi bemor qayd etilgan, boshqa davlatlarda bu ko‘rsatkich yuqoriroq: Italiyada — 2313, Eronda — 958, Janubiy Koreyada — 110, Ispaniyada — 501, Fransiyada — 495, Germaniyada — 271, AQShda — 291.

So‘nggi kunda yana to‘rt hududda koronavirusdan zararlanishning ilk holatlari aniqlangan: Fransuz Polineziyasi, Honduras va Kot-dʼIvuar.

 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top