09:06 / 14.03.2020
7007

Buvisining 10 600 dollar pulini o‘g‘irlagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Buxoroda o‘z buvisining 10 600 dollar pulini o‘g‘irlagan shaxs aniqlandi

Illyustrativ foto

2020 yil 10 mart kuni 78 yoshli F.S. Peshku tumani IIBga ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

U noma'lum shaxs uyidan 10 600 AQSh dollari miqdoridagi pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilganligini ma'lum qilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida, ushbu jinoyatni F.S. bilan bir manzilda yashovchi nabirasi 28 yoshli Z.Sh. sodir etganligi aniqlangan. Z.Sh. uzoq vaqt davomida ushbu pullarni talon-toroj qilib yurganligi, o‘g‘irlangan pullarni o‘zining ehtiyojlariga ishlatganligi, bundan tashqari o‘g‘irlangan puldan 1.300 AQSh dollarini o‘zining tanishi S.F.ga qarz sifatida berganligi aniqlanib, S.F.dan ushbu pullar ash'yoviy dalil tariqasida rasmiylashtirilib olingan. Qolgan pullar nimaga ishlatilganligiga aniqlik kiritilganda Z.Sh. o‘z ehtiyojlariga, ya'ni kiyim-kechak sotib olishga, o‘z avtomashinasiga ehtiyot qismlari va ko‘ngilxushlik uchun sarflaganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Peshku tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Z.Sh. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Top