09:40 / 15.03.2020
12392

Koronavirus: Latviya va Litva ham chegaralarini yopmoqda

Latviya va Litva koronavirus tahdidi tufayli o‘z chegaralarini yopishga qaror qildi.

Riga aeroporti deyarli bo‘shab qolgan / GETTY IMAGES

17 martga o‘tar kechasi Latviya dengiz, temir yo‘l, avtobus va aviatsiya orqali xalqaro aloqalarni to‘xtatadi. Bu haqda Favqulodda kengashning shoshilinch yig‘ilishidan keyin Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh ma'lum qildi.

Istisnolar faqatgina vatanga qaytish istagini bildirgan latviyaliklarga hamda mamlakatni tark etishni istagan xorijiy fuqarolarga nisbatan qo‘llanadi. Bosh vazir xorijdagi fuqarolarni qaytish imkoniyatlari haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirgan.

Taqiq yuk mashinalari orqali tashuvlarga taalluqli bo‘lmaydi.

Latviyada 12 mart kuni favqulodda holat joriy etilgan, maktablar va oliy ta'lim muassasalarida masofadan ta'lim berishga o‘tilgan, 50dan ortiq odam ishtirok etadigan ommaviy tadbirlar bekor qilingandi.

Maktablardagi markaziy imtihonlar may oyiga qoldirilgan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, aholisi ikki million kishi atrofida bo‘lgan Latviyada 26 kishida koronavirus aniqlangan.

Uzbekistan Airways ham Latviyaga reyslar bekor qilingani haqida ma'lumot bergan.

«Latviya hukumatining 17 martdan boshlab mamlakat chegarasi bo‘ylab yer va havo yo‘lovchi tashishni taqiqlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, 16 mart kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Toshkent-Riga-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yakuniy qatnovni amalga oshiradi. 17 martdan boshlab aviakompaniyaning ushbu yo‘nalishdagi barcha qatnovlari bekor qilingan», deyiladi aviakompaniya xabarida. 

  • Batafsil ma'lumot uchun +998781400200 raqami orqali Yagona aloqa markaziga murojaat qilish so‘ralgan.

Boltiq bo‘yidagi yana bir mamlakat - aholisi soni 3 milliondan oshadigan Litvada esa 9 kishida koronavirus borligi tasdiqlangan, dushanba kuni bu mamlakat ham o‘z chegaralarini yopadi. BNS agentligi xabariga ko‘ra, mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun 16 mart kunidan karantin joriy etiladi.

Karantin munosabati bilan Litvaga xorijliklar kirishi cheklanadi, do‘konlar yopiladi. Taqiq yuk tashuvlariga nisbatan qo‘llanmaydi.

Dushanba kunidan Litva fuqarolariga mamlakatni tark etish taqiqlanadi, xorijda ishlaydiganlar bundan mustasno.

Xorijliklarga esa uch kunlik «gumanitar yo‘lak» tashkil etiladi, ular 19 martga qadar o‘z vatanlariga qaytishga ulgurishlari kerak.

Aholisi 1,5 million atrofida bo‘lgan Estoniyada ham favqulodda holat joriy etilmoqda, bu yerda koronavirusga chalingan 115 nafar bemor bor.

Estoniya qator orollarini yopib qo‘ygan va chegarada nazoratni kuchaytirgan.

  • 15 mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda jami 156 738 kishida koronavirus aniqlangan, hozirgacha ularning 75 935 nafari sog‘ayib ketgan, 5839 kishi vafot etgan.
  • Virusdan eng ko‘p jabrlangan davlatlar Xitoy (80844 holat, 3199 o‘lim), Italiya (21157 holat, 1441 o‘lim), Eron (12729 holat, 611 o‘lim), Janubiy Koreya (8162 holat, 75 o‘lim), Ispaniya (6391 holat, 196 o‘lim), Germaniya (4599 holat, 9 o‘lim), Fransiya (4469 holat, 91 o‘lim), AQSh (2982 holat, 60 o‘lim), Shveytsariya (1375 holat, 13 o‘lim), Buyuk Britaniya (1140 holat, 21 o‘lim) va Norvegiya (1109 holat, 3 o‘lim) bo‘lib qolmoqda.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top