13:41 / 16.03.2020
11380

O‘qituvchilar ishtirokida majlislar o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilmagan - XTV

Xalq ta'limi vazirligiga ba'zi viloyatlarda maktablarda o‘qituvchilar ishtirokida, jumladan mahalliy hokimiyat vakillari talablariga ko‘ra, turli majlislar o‘tkazilayotganligi haqida ma'lumotlar yetib keldi.

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish va ta'lim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash yuzasidan respublika maxsus komissiyasi tomonidan tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlar, majlislar va yig‘ilishlarga cheklovlar kiritilgan.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, Xalq ta'limi vazirligi o‘qituvchilar ishtirokida majlislar o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bermagan. Vazirlik viloyat xalq ta'limi boshqarmalariga ortiqcha majlislar va yig‘ilishlar o‘tkazmasligi bo‘yicha topshiriq berdi.

“Shu bilan birga, Xalq ta'limi vazirligi mahalliy hokimiyat vakillarini o‘qituvchilarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilmasliklarini talab qiladi.

Eslatib o‘tamiz, “Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”ga prezidentning 2018 yil 14 avgustidagi qarori qabul qilingan. Unda xalq ta'limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xo‘jaligi hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi”, - deyiladi xabarda.

Avvalroq, 16 martdan O‘zbekistondagi barcha umumta'lim maktablari o‘quvchilari uchun ta'til e'lon qilingandi.

Top