18:34 / 17.03.2020
4933

O‘qituvchilar va MTM xodimlari dezinfeksiyalash ishlariga jalb etilmaydi

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov o‘quv binolarini dezinfeksiyalashga o‘qituvchilar va MTM xodimlari jalb etilmasligini ma'lum qildi va bu jarayon qay tartibda tashkil etilishiga izoh berdi.

«Dezinfeksiya ishlarini amalga oshiradigan alohida tizim yo‘lga qo‘yilib, maxsus muassasalar mavjud. Xo‘jalik hisobidagi dezinfeksiyalash stansiyalari shartnoma asosida davlat korxonalari, hattoki aholi xonadonlarida bu jarayonni amalga oshirishlari mumkin.

Dezinfeksiyalash ishi qiyin jarayon emas. Dorixonalarda dezinfeksiyalash vositalarini xarid qilib, uy sharoitida foydalansa bo‘ladi. Undan tashqari, ayrim yuvish vositalarida ham infeksiyani o‘ldirish xususiyatiga ega moddalar bor.

Bu ishlarga o‘qituvchilar va MTM xodimlari jalb etilmaydi. Boshqa tashkilotlar xodimlari jalb etilishi bo‘yicha gap bo‘lmagan, bunga ehtiyoj ham yo‘q. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan dezinfektorlar tomonidan bu ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ular tegishli asbob-uskunalari: avtomat, gidropult va boshqa vositalar to‘liq ta'minlangan.

Bundan tashqari, vazirlik huzuridagi Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik agentligining viloyat, tuman markazlarida ham shunday bo‘limlar bor. Xususiy dezinfeksiya tashkilotlari ham bu ish bilan shug‘ullanishadi», degan u «O‘zbekistonda koronovirus infeksiyasining tarqalishi va unga qarshi ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha ta'lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida brifingda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top