21:45 / 17.03.2020
15037

O‘zbekistonlik 4 paralimpiyachi 4 yilga musobaqalardan chetlatildi

O‘zbekistonlik 4 paralimpiyachi aksildoping qoidalarini buzganlik uchun 4 yilga musobaqalardan chetlatildi. Ular orasida 3 pauerlifter va bir yengil atletikachi bor.

Shahzoda Mamadaliyeva / Foto: IPC

Bu haqda Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi xabar qildi

Sanksiyalar pauerlifterlar - Ismira Islomova, Shahzoda Mamadaliyeva va Muslima Nuriddinova hamda yengil atletikachi Kamolaxon Abdullayevaga nisbatan joriy qilingan.

“Sportchi ataylab yoki o‘zi bilmagan holda taqiqlangan moddani qo‘llaganidan qat'iy nazar, uning doping namunasida taqiqlangan modda aniqlanganda aksildoping qoidabuzarligi yuz beradi”, deyilgan xabarda.

Ismira Islomova va Shahzoda Mamadaliyevaning Fransiyadagi 2018 yilgi jahon chempionatida olingan doping-namunalarida Butunjahon aksildoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan modda borligi aniqlangan. Sportchilar 2018 yil 31 avgustdan 2022 yil 30 avgustgacha musobaqalardan chetlatilib, ularning 2018 yil may oyidan keyingi natijalari bekor qilinadi.

Yana bir pauerlifter Muslima Nuriddinovaning Yaponiyada o‘tgan Osiyo va Okeaniya davlatlari o‘rtasidagi musobaqada olingan namunasi unda taqiqlangan modda borligini ko‘rsatgan. Sportchi 2018 yil 30 noyabrdan 2022 yil 29 noyabrgacha diskvalifikatsiya qilindi. Bundan tashqari, uning yuqorida keltirib o‘tilgan chempionatda qo‘lga kiritgan oltin medali va o‘rnatgan Osiyo rekordi bekor qilindi.

Paraatletikachi Kamolaxon Abdullayeva esa 2018 yilgi Paraosiyo o‘yinlarida doping qo‘llaganlikda ayblangan. Sportchi 2019 yil 11 fevraldan 2023 yil 10 fevralgacha musobaqalardan chetlatilib, 2018 yil oktabr oyidan boshlab barcha medallar, ochkolar, rekordlar va sovrinlardan mahrum qilinadi.

Mavzuga oid
Top