22:00 / 18.03.2020
34355

«Birovning tashvishi evaziga topilgan pul hech kimga buyurmaydi!» - Prezident chayqovchilarni tanqid qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni mahalla va oila masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishining boshida koronavirus tufayli yuzaga kelgan holat haqida gapirdi.

Davlat rahbari oziq-ovqat xavfsizligi, kasallikning tarqalishi oldini olish borasidagi vaziyat nazorat ostida ekanligini ma'lum qildi.

«Prokurorlar yursin bozorlarda. Odamlar sezsin davlat nazorati borligini. 

Bu nima degan gap, boshimizga kulfat tushgan vaqtda narxni ko‘tarish? Bugungi og‘ir kunlarda insofsizlarcha bozorlarda narx-navoni ko‘tarib yuborayotganlarga qarata aytmoqchiman: buyurmaydi! Birovning tashvishi evaziga topilgan pul hech kimga buyurmaydi», dedi prezident.

Davlat rahbari bu vaziyat hammani jipslashtirishi kerakligi, vahima ko‘tarish emas, holatni to‘g‘ri va sodda tilda tushuntirish maqsadga muvofiq ekanligi aytib o‘tdi.

Yig‘ilishda koronavirus tufayli O‘zbekiston fuqarolari xorijda ishlash imkoniyatlarini ham yo‘qotganiga e'tibor qaratilgan.

«Dunyo davlatlari yopildi. Ochig‘ini aytish kerak, shu paytgacha xorijga ish izlab chiqib ketayotgan fuqarolarimizni endi birov qabul qilmaydi. Vaziyatdan kelib chiqib, ularning bandligini ta'minlashimiz shart. Shu maqsadda aprel, may oylarida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga ajratiladigan mablag‘larni ikki barobarga oshirishni rejalashtiryapmiz», degan prezident.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top