09:38 / 18.03.2020
21915

Samarqanddagi «samosud» holati bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda tunda uchrashuvga chiqqan yigit va qizni haqoratlab, ularni urgan shaxslar aks etgan video tarqaldi

Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, "samosud" joriy yilning 3 mart kuni sodir bo‘lgan. O‘sha kuni soat taxminan 21:00lar atrofida Samarqand shahar, “Jomiy” mahallasida yashovchi fuqaro (qiz bola) B.M.ning qo‘l telefoniga Toyloq tumani, “Nurli yo‘l” mahallasida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan O.A. qo‘ng‘iroq qilib, birgalikda sayr qilishni taklif qiladi. Taklifga rozi bo‘lgan B.M. singlisi M.B. bilan yashash uyi oldidagi ko‘chaga chiqadi.

O.A. uchrashuvga mahalladoshi 1996 yilda tug‘ilgan X.D.ning mashinasida borib, hammasi birgalikda Toyloq tumani, “Nurli yo‘l” mahallasida joylashgan, hozirgi kunda Turkiya davlatida bo‘lgan fuqaro “A”ga tegishli bo‘lgan uyga borishadi.

Ichkaridagi shovqinni eshitgan qo‘shnilar Q.S., N.A., Q.A., B.F., O.A., X.D. uyga kirishadi. Fuqaro Q.S. qizlarni haqoratlab, yuziga tarsaki urib, o‘zboshimchalik bilan jazolamoqchi bo‘ladi. Shu vaqtda qolgan fuqarolarning bir nechtasi holatni videotasvirga olib, tungi vaqtda xonadonda baqir-chaqir qilishadi.

Mazkur holatdan xabar topgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi janjalning oldini olish maqsadida fuqarolarni tarqatib yuboradi.

Samarqand viloyati IIB xodimlarining olib borgan dastlabki tekshiruvlari natijasida fuqarolar Q.S., N.A., Q.A., B.F., O.A., X.D.ga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasi, 52-moddasi 2-qismi, 183-moddalari bilan ma'muriy bayonnomalar tuzilib, tegishli tartibda qonuniy qaror qabul qilishlik uchun Toyloq tumani Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudiga yuborildi.

Fuqaro Q.S. qonunni yaxshi bilmasligini, bu kabi harakatlar boshqa qaytarilmasligini ma'lum qilib, qizlarni haqorat qilganligi, ularga nisbatan qilgan boshqa harakatlaridan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirdi. Holat yuzasidan yakuniy qarorni sud organi qabul qiladi.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan “samosud” qilish orqali sodir etilayotgan harakatlar jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirgan.

“Agarda siz mahallangizda, ko‘changizda yoki boshqa holatlarda bu kabi vaziyatlarga duch kelsangiz, zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar bering”, - deyiladi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati ma'lumotida.

Top