11:30 / 19.03.2020
6973

Birlamchi tibbiy tizim: maosh muhim, islohot undan ham muhim

Foto: Xalq demokratik partiyasi

Har bir fuqaro o‘z sog‘lig‘ini saqlash huquqiga ega. Butun dunyoda bu huquq asosiy huquqlardan biri deb tan olingan. Dunyo mamlakatlarida fuqarolar sog‘lig‘ini himoya qilish u yoki bu darajada davlat tomonidan kafolatlanadi, bu ko‘rsatkich davlatning insonparvarlik mezoni bo‘lib xizmat qiladi.

So‘nggi oylarda koronovirus tarqalishi sababli davlatlar o‘z fuqarolari haqida qay darajada qayg‘urishi aniq ravshan ko‘rinib qolmoqda. Mamlakatimizda amaldagi qonun asosida zarur chora tadbirlar ko‘rilgani, hukumat va davlat tashkilotlari tomonidan o‘ziga buyurilgan vazifalar so‘zsiz bajarilishi natijasida bu kasallikni vatanimizda keng tarqalib ketishining oldi olinishiga ishonamiz.

Shu o‘rinda ba'zi mulohazalarni bildirmoqchiman. Ayrim deputatlar tibbiy xodimlarning maoshlarini oshirish taklif qilishmoqda. Bu nihoyatda zarur, balki bir muncha vaqt oldin amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora. Lekin biz mamlakat tibbiyot tizimini xalqimiz rozi bo‘ladigan darajada o‘zgartirishimiz uchun chuqur islohotlar zarur. Tizimda yig‘ilib qolgan og‘ir muammolarni faqat maosh oshirilishi bilangina ijobiy hal etib bo‘lmaydi.

Ma'lumki, tibbiyotning birlamchi tizimi aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning hayot tarziga ta'sir etadi, har qanday kasallik bilan birinchi ro‘baro‘ keladi. Shuning bilan birga, aholining barcha e'tirozlari, haqoratlari, ba'zida mushtlarini ham shu quyi tizim qabul qilmoqda. Shuning uchun ham bu tizimda doimiy vrachlar ( hatto Toshkent shahrida ham) yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Rivojlangan davlatlarda tibbiyotga ajratilgan jami mablag‘ning asosiy qismi birlamchi tizimni rivojlantirish uchun sarflanadi. Chunki, bu muassasalarga aholining barchasi murojaat qiladi, ularning bir qismidagina ixtisoslashgan markazlarga va shifoxonalarga murojaat qilish ehtiyoji bor. Agar birlamchi tizim to‘laqonli va samarali ishlasa, o‘z-o‘zidan aholi salomatlik ko‘rsatkichi yaxshilanib, kasalliklar asoratlanishining oldi olinadi. Demak, qimmat klinikalarga ehtiyoj kamayadi.

Bizda bugungi kunda mablag‘lar taqsimoti butunlay teskari: mablag‘lar shifoxonalardan orsagina poliklinikalar, QVPlarga beriladi. Bu muassasalarning moddiy texnika bazasini yaxshilash, yillar davomida ham jisman, ham ma'nan eskirgan tibbiy asboblar va jihozlarni tizimli yangilash yo‘lga qo‘yilmas ekan, birlamchi tizimdan aholi noroziligini tugatib bo‘lmaydi.

2017 yilda “optimallashtirish” bahonasi bilan qishloq tumanlaridagi birlamchi tibbiy muassasa – QVPlar keskin qisqartirildi, tibbiy xodimlarning, aholining e'tirozlari inobatga olinmadi. Natijada  bemorlar, yosh bolali, homilador ayollar 5-10 km. yo‘l yurib shifokor ko‘rigiga borishmoqda. Ko‘pgina qishloqlarda doimiy transport yo‘qligini inobatga olsak, bu yo‘l yayov bosilishi kerak.

Shahar poliklinikalarida esa tibbiy xizmat va patronaj ishlarini yaxshi tashkil qilish uchun avtomashinalar ajratilgan. Vaholanki, shaharda jamoat transporti yurib turibdi. Lekin qishloqlarda joylashgan poliklinikalargning patronaj xizmati uchun avtomobillar bilan ta'minlanishi qay darajada? Issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, har kuni bir necha kilometr yo‘lni yayov bosuvchi patronaj hamshiraning mehnatini yetarli darajada qadrlayapmizmi?..

Aholini tibbiy xizmatdan rozi qilish, har qanday kutilmagan holatlar uchun shay turish maqsadida birlamchi tibbiy muassasalarga asosiy e'tiborni qaratishimiz shart. Jumladan, ushbu muassasalarni aholi uchun qulay joylarda tashkil etish, ularning xizmat radiusini maqbul darajaga keltirish, har bir vrach va hamshiraga biriktirilgan aholi sonini tibbiyot xodimining imkoniyati chegarasida belgilash zarur.

Birlamchi tibbiy muassasada yuritiladigan, lekin tibbiy xodimga ham, aholiga ham nafi tegmaydigan, faqat nazoratchi, tekshiruvchilar uchun zarur bo‘lgan hujjatlar, hisobotlar, tartiblardan voz kechish vaqti allaqachon o‘tib ketdi.

Umumiy xulosa shuki, sog‘liqni saqlash tizimida chuqur islohotlar zarur. Bu islohotlarni xalqimizni rozi qilish nuqtai nazaridan puxta o‘ylab, rejalashtirish va amalga oshirish talab etiladi. Boshqacha aytganda, faqat maoshlarni oshirish bilan tizimda yillar mobaynida yig‘ilib qolgan muammo va kamchiliklarga yechim topishimiz amrimahol.  Shuning uchun chuqur islohotlar o‘tkazish zarur.

Faqat bu ishlar “kampaniya”ga aylantirmasdan, shu sohada katta tajriba to‘plagan amaliyotchilar, xorijiy davlatlar tajribasidan xabardor olimlar ishtirokida bamaslahat tashkil qilinsa, xalqimiz roziligiga erishamiz.

Maqsuda Vorisova,
Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zosi.

Mavzuga oid
Top