17:46 / 19.03.2020
14152

«Ota-onalardan kechirim so‘raymiz» - Urgutda o‘quvchilarning surati Telegram’da tarqatilganiga rasmiy munosabat bildirildi

Urgut tuman XTB rahbariyati tomonidan 70-umumta'lim maktab direktori Sh.Sharapov hamda uning ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari X.Suyarovlarga amalga oshirgan ishlari qonunchiligimizga to‘g‘ri kelmasligi tushuntirilgan va ularga intizomiy chora ko‘rilgan.

Foto: KUN.UZ

2020 yil 18 mart kuni Kun.uz’da «Urgutdagi maktabda darsga kech qolgan o‘quvchilar surati Telegram’da nega tarqatildi?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda Urgut tumanidagi 70-umumta'lim maktabi rahbariyatining darsga kechikib kelgan va dars qoldirgan o‘quvchilar fotosuratlari Telegram messenjerida e'lon qilingani tanqid qilingan edi. Urgut tuman XTB maqolada yoritilgan ish bo‘yicha munosabat bildirdi.

Kun.uz’ga taqdim etilgan bayonotda yozilishicha, holat bo‘yicha Urgut tuman XTB tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan va maqolada keltirilgan faktlar o‘z isbotini topgan.

Tekshiruvda aniqlanishicha, Urgut XTB tasarrufidagi 70-umumta'lim maktabida direktorning tashabbusi bilan Telegram messenjerida ota-onalar guruhi ochilib, unda ta'lim muassasasida o‘qiydigan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalar, ko‘rik-tanlovlar natijalari haqidagi fotosuratlar bilan bir qatorda o‘quvchilarning davomatini nazorat qilish va yaxshilash maqsadida darsga kech qolgan hamda dars qoldirgan o‘quvchilarning rasmlari e'lon qilib borilgan.

Urgut XTB mudiri B.Oblomurodov tomonidan bildirilgan munosabatda jumladan shunday deyiladi: «Urgut tuman xalq ta'limi bo‘limi tomonidan tumandagi umumta'lim maktab rahbarlariga o‘quvchilar davomatini yaxshilash va nazorat qilish bo‘yicha nafaqat Telegram messenjerida, balki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham turli guruhlar ochish va unda darsga kechikkan yoki dars qoldirgan o‘quvchilarning fotosuratlarini berib borish haqida hech qanday ko‘rsatma berilmagan.

Agar qaysidir maktabda yoki sinflar bo‘yicha bunday guruhlar bo‘lsa, ular ota-onalar va maktab rahbariyati maslahati bilan ochilgan. Shuningdek, bunday guruhlar ochish haqida Xalq ta'lim vazirligidan ham hech qanday topshirig‘i berilmagan. Urgut tuman XTB yuzaga kelgan holat uchun o‘quvchilarning ota-onalaridan uzr so‘raydi».

Urgut tuman XTB rahbariyati tomonidan 70-umumta'lim maktab direktori Sh.Sharapov hamda uning ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari X.Suyarovga amalga oshirgan ishlari qonunchilikka to‘g‘ri kelmasligi tushuntirilgan va ularga intizomiy chora ko‘rilgan.

Mavzuga oid
Top