20:56 / 19.03.2020
46043

«Rahbarlar befarq bo‘lmasa, vaziyatdan chiqib ketamiz» – Prezident hokimlarni koronavirusga qarshi ogohlikka chaqirdi

19 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasining aholi turmushi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

«Bitta narsani bilishlaring kerak: menga ta'sir qilmaydi, menga tegishli emas ekan, degan rahbar, fuqaro, tadbirkor, va umuman oqsoqollarimiz, yoshlarimiz xato qiladi. Bu narsa hammamizga bog‘liq. Hammaga ta'sir qiladi.

Agar kimda-kim kasalligini bilib, yashirib, uyda o‘tirsa, xalqimizga xavf-xatar yetkazadigan omilga aylanadi. Bu bo‘yicha jinoiy javobgarlik bor.

Endi bu xavf-xatar tashqaridan kelishi mumkin emas – hamma yer yopildi. Faqat ichkaridagi kasallanganlarni o‘z vaqtida aniqlab, profilaktika ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz zarur», – dedi davlat rahbari.

Mirziyoyev hokimlarni koronavirusga qarshi ogohlikka chorladi.

«Har bir hokim bitta narsani bilishi kerak: bu mening viloyatimga kelmadi, bizning tumanimiz tinch, deb bemalol yurishlaring – xiyonat. Takror-takror aytaman, barcha profilaktik ishlarni, aytilgan chora-tadbirlarni hamma o‘z vaqtida bajarishi kerak», – dedi prezident.

Davlat rahbari o‘z xonadonlarida izolyatsiyada bo‘lishi belgilangan fuqarolarning tartibni buzishi holatlariga ham to‘xtaldi. 

«Ko‘chaga chiqishi man etiladi. Nega desangiz, u mana shu kasallikning tarqatuvchisi bo‘lishi mumkin. Ishni markazlashgan tarzda tashkil etish oson, lekin bizdagi ma'lumot bo‘yicha, ko‘p joylarda markazlashgan joylarda ham tashqariga chiqayotganlar bor ekan. Bu man etiladi.

Jiplashib, hammamiz bir bo‘lib, aytilganlarni bajarib, shifokorlarning tavsiyalariga rioya qilsak, hammasi joy-joyiga tushadi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unga 10 trln so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top