20:04 / 20.03.2020
6618

Avazbek Hojimetov Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi etib tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi o‘zgardi.

Avazbek Hojimetov / AOKA

Ko‘p yillardan buyon Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga rahbarlik qilgan, 2019 yil kuzida rasman vazir matbuot kotibiga aylangan Adilbek Kaipbergenov o‘rnini Avazbek Hojimetov egalladi.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash bo‘yicha maslahatchisi tayinlangan.

«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Hay'ati yig‘ilishida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i – matbuot kotibi etib tayinlangan Avazbek Hojimetov va Tashqi ishlar vazirining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan Rahmatulla Nazarov tanishtirildi», deyiladi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabarida. 

Ma'lumot uchun, Avazbek Hojimetov muqaddam ko‘p yillar davomida Tashqi ishlar vazirligida ishlagan, 2016 yil avgustida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovga matbuot kotibi etib tayinlangan. Keyinroq prezident matbuot xizmati Axborot-tahlil ishlari bo‘yicha sektori mudiri sifatida ishlagan, 2019 yil martidan 2019 yil oktyabriga qadar Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Rahmatulla Nazarov

Rahmatulla Nazarov esa muqaddam Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a'zosi bo‘lgan.

Top