21:00 / 23.03.2020
5074

Jahon turizm sanoati koronavirus sababli 1 trln dollar zarar ko‘rishi mumkin

Turizm biznesi 2020 yilning oxirgi kvartalida vaziyat yaxshilanishiga umid qilishi mumkin.

Foto : KUN.UZ

Jahon turizm sanoati 2020 yilda koronavirus sababli 1 trln dollar zarar ko‘rishi mumkin, hozirda zarar miqdori 600 mln dollarni tashkil etmoqda. Bu haqda Jahon iqtisodiy forumi prezidenti Bulut Bag‘chi Anadolou agentligiga bergan intervyusida aytdi.

"Virusning tarqalish tezligi va uning turizmga ta'siri hisobga olinsa, bu sohada 50 mln kishi ishini yo‘qotishi mumkin", - dedi u.

Bag‘chining so‘zlariga ko‘ra, turizm sohasi yiliga 1,7 trln dollar atrofida mablag‘ ishlaydi, hozirda sohada pasayish 70 foizni tashkil etmoqda va u davom etmoqda.

"Iqtisodiyotning oltmishta sohasi turizm bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq. Agarda bu sohalardagi yo‘qotishlarni ham hisoblasak, zarar besh trillion dollarga yetishi mumkin. Bundan tashqari, hattoki pandemiya tugasa ham tiklanish tez va oson bo‘lmaydi", - dedi ekspert.

Uning fikricha, turizm biznesi 2020 yilning oxirgi kvartalida vaziyat yaxshilanishiga umid qilishi mumkin.

Koronavirus tarqalishi sababli dunyoning ko‘pgina mamlakatlari o‘z chegaralarini yopdi va aviaqatnovlarni to‘xtatdi. Natijada xalqaro turizm to‘xtadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top