09:07 / 23.03.2020
27240

Jizzaxda karantin tufayli ishlamayotgan oshxonaga kelgan shaxslar janjal chiqardi

Mazkur holat bo‘yicha ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda

Illyustrativ foto

O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida joriy yilning 21 martidan boshlab barcha hududlarda faoliyat yuritayotgan ko‘ngilochar obektlar, shu jumladan, tungi klublar, choyxona va oshxonalar koronavirus kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar to‘xtatilgan. 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, shunga qaramasdan ba'zi fuqarolar tomonidan ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan umumiy ovqatlanish oshxonalariga kelib uni ishlatishni talab qilish holatlari kuzatilmoqda.

Jizzax shahar “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro M.N. va N.J. Sharof Rashidov tumani “Xayrabod” mahalla fuqarolar yig‘ini, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasiga kelib ovqat buyurtma qilmoqchi bo‘lishadi. Oshxona oshpazi fuqarolar M.N. va N.J.ga oshxona karantin munosabati bilan ishlamayotganligini tushuntiradi. “Xo‘randalar” buni tushunishni xohlashmaydi va natijada janjal chiqarishadi.  

Oshxona ro‘parasida istiqomat qiluvchi 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro F.U va ukasi tuman XTBga qarashli 52-sonli umumta'lim maktabining o‘quvchisi O.U. janjalni eshitib chiqishadi. Fuqaro M.N. o‘zi bilan doimiy ravishda olib yurgan pichog‘i bilan O.U. va akasi F.U.ga tan jarohat yetkazadi.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha Sharof Rashidov tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top