19:12 / 23.03.2020
90339

Xitoylik ekspertlar koronavirusga qarshi kurashdagi samarali choralarni ma'lum qildi

Ayni vaqtda Xitoyda epidemik vaziyat nafaqat yaxshilangani, balki hukumat uning ustidan g‘alaba qozondi, deb e'tirof etilmoqda.

Foto: REUTERS

Epidemiya boshlangan vaqtdagi eng ta'sirli chora — profilaktika, ya'ni zararlanganlarni aniqlash va ular bilan muloqotda bo‘lganlarning barchasini o‘z vaqtida izolyatsiya qilish, deydi XXR sog‘liqni saqlash ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi oliy ekspert komissiyasi boshlig‘i akademik Chjun Nanshan. Koronavirus zotiljamining o‘ziga xosligi shundaki, dastlabki simptomlarga qadar bemor boshqalarni ham zararlashi mumkin. Shuning uchun u bilan muloqotda bo‘lganlarning barchasi tekshirilishi lozim.

"Men ayrim mamlakatlarning faqat bemorlardangina tahlil olish usuliga qo‘shilmayman. Xorijdan kelganlarning barchasidan nuklein kislotasiga test olish kerak, probani esa tanglaydan emas, burundan olgan ma'qul", — deydi Chjun Nanshan.

"Xitoyda umumiy tusdagi nomedikament choralar qo‘llanildi, ya'ni izolyatsiya, tibbiy kuzatuv, muloqotni cheklash va shaxsiy himoya vositalari. Bu infeksiya tarqalishini to‘xtatish, kasallanishning o‘sishini sindirish imkonini berdi. Boshqa mamlakatlar ham shunday yo‘l tutishi kerak. Qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi", — deydi XXR sog‘liqni saqlash ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha ekspert komissiyasi rahbari Lyan Vannyan.

Foto: REUTERS / China Daily

Transportga alohida e'tibor qaratish darkor, deb eslatadi Xubey provinsiyasining mikrorayonlar miqyosida epidemiologiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ekspert guruhi rahbari U Xao. Yo‘lovchilar oqimi va vagonlar tirbandligini pasaytirish uchun Pekin metropoliteni smartfon ilovasi orqali ertalab metroda yurish uchun ariza berish tizimini joriy etdi. Kasalxona va turarjoy maskanlari yaqinidagi barcha stansiyalar kislorod yetkazib berish tizimi bilan ta'minlandi. Platformalar, tonnellar va ventilyatsiya inshootlari bir sutkada bir necha marta dezinfeksiya qilinmoqda.

Akademik Chjun Nanshanning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda zudlik bilan epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

"Shifokorlar maksimal darajada o‘z xavfsizliklarini ta'minlab, undan keyingina boshqalarni qutqarishga kirishishlari kerak", — deb ta'kidlaydi u.

Foto: RIA Novosti

Epidemiya boshlangan vaqtda himoya choralari borasida yetarlicha xabardorlik bo‘lmaganligi va tibbiy vositalarning yetishmasligi natijasida uch mingga yaqin tibbiyot xodimlari kasallikka chalindi. Bu ularning ishga bo‘lgan xohishini kamaytirdi. Ammo xatolar darhol hisobga olindi va hatto Uxanga qo‘shimcha 50 ming nafar shifokorni jo‘natish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Uxan universitetining jamiyatshunoslik fakulteti dekani Xe Syuyefenning qayd etishicha, Xitoyda odamlar to‘planishining uchta asosiy shakli nazoratga olindi. Birinchisi — korxona va tashkilotlar miqyosida. Bu yerlarda har bir xodimning harakati va salomatligi nazorat qilindi.

Foto: REUTERS / Aly Song

Ikkinchisi —mikrorayonlar miqyosida. Boshqaruv kompaniyasi, mulkdorlar shirkati yoki uy-joy boshqaruv shirkati yashovchilarga shaxsiy va jamoaviy himoyalanish bo‘yicha ko‘rsatma va ko‘mak berdi. Va nihoyat, uchinchisi — jamoatchilik. Har bir turarjoy korpusida faollar umumiy tartibni nazorat qildi. Epidemiya vaqtida bunday choralar qo‘ni-qo‘shnilar orasiga nifoq solmaydi, balki aksincha, birlashtiradi, deya qayd etadi ekspertlar. Masalan, oiladagi barcha kattalar karantinda bo‘lib, ularning farzandlari karantindan uyga qaytishsa, uy-joy bo‘yicha mas'ul ularga qarab turish uchun qo‘shnilarning navbatchilik ro‘yxatini tuzadi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Uxan shahriga koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashda yordam berish uchun mamlakatning boshqa hududlaridan yuborilgan shifokorlar uylariga jo‘natila boshlandi. Ayni vaqtda Xitoyda epidemik vaziyat nafaqat yaxshilangani, balki hukumat uning ustidan g‘alaba qozonildi, deb e'tirof etilmoqda. 

Oxirgi bir kun ichida Xitoyda virusga chalinish bo‘yicha 46 ta yangi holat, jumladan mamlakat ichida bitta va xorijdan kelganlar orasida 45 ta holat qayd etilgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top