01:00 / 24.03.2020
11461

«Import bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q» – Vazirlik

Foto: Fotolia

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i Azizbek Adaxamov Xalqaro press klub sessiyasida so‘zga chiqib, O‘zbekistondagi karantin choralarining importga ta'siri haqidagi savolga javob berdi.

«Hozirgi kunda import bilan hech qanday muammolar bo‘layotgani yo‘q. Joriy yilning 20 mart kuni holatiga tashqi savdo aylanmasi 5,1 mlrd bo‘lgan bo‘lsa, undan 3,9 mlrd importga to‘g‘ri kelyapti.

Davlat rahbari tomonidan respublika maxsus komissiyasi tuzilgan. Aholiga zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari monitoringi amalga oshirilyapti.

Importning asosiy qismi hozirgi paytda transport va asbob-uskunalar – 1,6 mlrd dollar, sanoat tovarlari, kimyoviy vositalarga to‘g‘ri kelyapti. Faqatgina 300 million dollarga yaqin import – oziq-ovqat mahsulotlari, tirik hayvonlarga to‘g‘ri kelyapti.

Mahsulotlar xom-ashyosi 250 million dollarni tashkil etmoqda», – dedi Azizbek Adaxamov.

U aholi iste'moli uchun muhim mahsulotlar importiga oid statistikani keltirdi.

«Yil boshidan beri 7,3 million dollarlik qoramol go‘shti import qilingan. Asosan Belarus, Ukraina, Hindiston davlatlaridan import amalga oshirilyapti. Qoramol go‘shti importi bilan hech qanday muammo yo‘q», – dedi u.

«Un mahsulotlari importi 20 mart holatiga 76 ming tonnani tashkil qildi. Bu – taxminan 18,6 million dollarni tashkil qiladi.

Qozog‘iston, Rossiya davlatlaridan un kirib kelishidan tashqari, bug‘doy importi ham ko‘proq amalga oshirilyapti. Bug‘doy importi un importiga nisbatan salkam to‘rt baravarga ko‘proq amal oshirilyapti», – dedi Azizbek Adaxamov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top