14:44 / 24.03.2020
6396

Parlament quyi palatasida yana bir komissiya tuzildi

Komissiyaga Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova rais etib saylandi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi tuzildi. Bu haqda parlament saytida xabar qilindi.

Qayd etilishicha, bu jamiyatda oilaning o‘rnini yanada mustahkamlash va uning ahamiyatini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, gender tengligini ta'minlash, sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, ushbu yo‘nalishdagi dasturlarini hayotga izchil tatbiq etish, oila va xotin-qizlar masalalariga oid O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishini ta'minlashga ko‘maklashish maqsadida amalga oshirildi.

Majlisda komissiya raisi va tarkibi saylandi. Komissiyaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova rais etib saylandi.

Ta'kidlanganidek, komissiya o‘z faoliyatida joylarda o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari va o‘rganishlar davomida oila va xotin-qizlar masalalariga oid qonun hujjatlarida aniqlangan bo‘shliq, kamchilik va muammolarni tahlil qilib borish, shu asosda tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlariga oila va xotin-qizlarga oid masalalar bo‘yicha aniqlangan qonun buzilishlari hamda ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar kiritadi.

Shuningdek, oilani mustahkamlashga, onalik, otalik va bolalikni muhofaza qilishga, ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirishga, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va madaniy hayotda ayollarning ishtirokini yanada faollashtirishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi.

Top