18:03 / 24.03.2020
15376

Surxondaryodagi qishloqlarni qiynayotgan muammolarga senator tomonidan yechim topilmoqda

Kun.uz saytida «Sariosiyodagi oxirigacha obod bo‘lmay qolgan mahalla: Sharoit yo‘qligidan qariyalar qiynalishmoqda» sarlavhasi ostidagi tanqidiy maqolada Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani «Gulobod» mahallasidagi muammolar yoritilgan edi.

11–13 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi, «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvchi raisi Abdug‘ani Sanginov Surxondaryo viloyatining Denov, Sariosiyo va Uzun tumanlarida bo‘lib, aholi murojaatlarini o‘rganish maqsadida joylarda sayyor uchrashuvlar va qabullar o‘tkazdi.

Senatorning aholi bilan uchrashuvi aynan Kun.uz’dagi maqolada muammolari yoritilgan Sariosiyo tumanidagi «Gulobod» mahallasidan boshlandi. Senator tomonidan holat o‘rganilganda aholining murojaatlari asosli ekani aniqlandi. Eng xarakterlisi, senatorning o‘zi ham shu mahallada tug‘ilib o‘sgan.

Senator Abdug‘ani Sanginov Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolov bilan birgalikda murojaat qilgan mahalladoshlari bilan uchrashdi, ularni qiynayotgan muammolar bartaraf etilishiga va'da berdi va mahallaga 400 kV quvvatga ega yangi transformator nimstansiyasi o‘rnatib beriladigan bo‘ldi.

(Qayd etish kerak, senator bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tgan vaqt ichida mahallada yangi simyog‘ochlar ham o‘rnatildi, simyog‘ochlarga ko‘chalarni tunda yoritish chiroqlari o‘rnatish ishlari boshlangan, yangi transformator ham o‘rnatilgan. Mahallada chiroq o‘chmaydigan bo‘ldi. Tuman hokimi tomonidan tabiiy gaz tarmog‘iga ham ulash va'da qilindi).

Shundan so‘ng senator o‘zi tahsil olgan 12-sonli umumta'lim maktabidagi mavjud sharoitlar bilan tanishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, maktabdagi sharoitlar bugungi kun talabiga javob bermaydi. Senator tomonidan maktabdagi kamchiliklar aniqlanib, maktabga zamonaviy kutubxona, oshxona va faollar uchun alohida zal qurib berish lozimligi ta'kidlandi.

Senatorga murojaat qilgan Xufar qishlog‘i ahli mahallada bolalar bog‘chasi yo‘qligi va qishloqqa olib boruvchi yo‘l ta'mirtalab bo‘lib qolganini bildirishdi. A.Sanginov ushbu qishloqda 150 o‘rinli MTT qurilishi va qishloqqa olib boruvchi yo‘lni ta'mirlab berilishini ma'lum qildi.

Gazaraksoy daryosining «Bog‘iston» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi qismida daryo o‘zani to‘lib qolib, ekin maydonlarini sel bosish xavfi bor edi. Aholining murojati bo‘yicha muammo joyiga borib o‘rganildi va sel xavfi oldini olish uchun daryo sohilida himoya to‘g‘oni barpo etilmoqda. Bundan tashqari, «Turmushobod» mahallasidagi ichimlik suvi bilan bog‘liq murojaat ham senatorning aralashuvi bilan yechim topdi.

Shuningdek, tumandagi «Billur» mahallasi tarkibidagi Qalashtepa va Erkin qishloqlari oralig‘idagi 4 kilometrlik yo‘l ta'mirlab berildi.

Shunday so‘ng, senator va aholi o‘rtasidagi uchrashuvlar Uzun tumanida davom ettirildi. Tumandagi «Mustaqillik» mahallasida joylashgan ikki qishloqni bir-biriga bog‘lovchi ko‘prik yillar davomida sel tufayli yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. Mazkur ko‘prik senator tomonidan to‘liq ta'mirlab berilmoqda. Hozirgi kunda ko‘prikning suv keluvchi qismida betonlash ishlari amalga oshirilmoqda. Maxsus texnikalar va ishchilar ishlayotgan ko‘prik qurilishida yakuniy ishlar olib borilmoqda.

Abdug‘ani Sanginov ushbu mahallada qurilayotgan 53-sonli umumta'lim maktabidagi qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Uzun tumanining chekka hududida joylashgan ushbu maktab binosi juda achinarli holatga kelib qolgan edi.

Mahalla ahlining murojatidan keyin senator tashabbusi bilan yangi maktab quriladigan bo‘ldi. 190 o‘ringa mo‘ljallangan yangi maktab binosi zamonaviy loyiha asosida bunyod etiladi. Hozirgi kunda yangi maktab qurilishi boshlab yuborildi.

Sayyor uchrashuvda Sanginov maktab loyihasi bilan tanishdi. Qurilish ishlarini o‘z vaqtida sifatli va to‘liq bajarish lozimligi yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Tumandagi 27-sonli maktabga qatnayotgan o‘quvchilar piyodalar yo‘lakchasining yo‘qligi uchun katta yo‘l yoqasidan yurishga majbur bo‘lib kelayotgan edi. Senator tomonidan ushbu muammo tegishli tartibda o‘rganildi va o‘quvchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadida 1,4 kilometr uzunlikdagi piyodalar yo‘lakchasi bir hafta muddatda qurib berildi.

Senator A.Sanginov tomonidan Denov tumanidagi aholi murojaatlari o‘rganib chiqilib, tumandagi «Holchayon» MFYda joylashgan 21-sonli qishloq oilaviy poliklinikasini ta'mirlash ishlari boshlab yuborildi.

Mazkur oilaviy poliklinika 15 ming aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Ammo hozirda ma'muriy bino ayanchli ahvolga kelib qolgani sababli u to‘liq faoliyat ko‘rsatmayotgan edi. Senator tomonidan tibbiy muassasani ta'mirlash, moddiy-texnika bazasini shakllantirish va jihozlash borasida bildirilgan taklifdan mahalla ahli xursand bo‘ldi.

Senator tomonidan ishlab chiqilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida tumandagi «Pojur» mahallasiga olib boruvchi 8 kilometrlik ichki yo‘l ta'mirlanib, asfalt yotqizish ishlari boshlab yuborildi.

Shu bilan birga, senator «Lo‘pon» mahallasi aholisining shu hududida joylashgan 18-sonli oilaviy poliklinikasini yangidan qurish borasida murojaatini o‘rgandi hamda qurilish obekti loyihasi bilan tanishdi.

Senatorning aralashuvi bilan «Gulobod» va «O‘zbekiston» mahallalari oralig‘ida joylashgan suv ayirg‘ichda katta sel oldini olish uchun 500 metrli himoya damba devorlarini qurish ishlari yakuniga yetkazildi.

Tumandagi elektr ta'minotini yaxshilash, simyog‘ochlar o‘rnatish borasida amaliy ishlar boshlab yuborilgan bo‘lib, Sanginov tomonidan 5ta transformator yetkazib berildi. Shuningdek, 10 km uzunlikdagi elektr simlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

«Bu kabi ezgu va xayrli ishlarni amalga oshirish, avvalo, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, ularga munosib shart-sharoitlarni yaratish har bir mutasaddining vazifasidir», deydi senator.

O‘z muxbirimiz.

Top