17:50 / 25.03.2020
13223

Erkin Yo‘ldoshev: Karantin qoidalarini buzganlik uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutildi

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev karantin tartib-qoidalariga rioya qilmagan fuqarolarga qonunda belgilangan eng qattiq jazo choralari ko‘rilishi, jinoiy jazo ham kuchaytirilib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgani haqida ma'lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev karantin qoidalarini buzganlik uchun qonunda belgilangan jazo choralarini eslatib o‘tdi.

«Qonunchilikka ko‘ra, karantin qoidalarini buzganlik uchun fuqarolar 1 mln 115 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslar 3 mln 345 ming so‘mgacha ma'muriy jarimaga tortiladi.

Agar qilmish odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki odamning o‘limiga olib kelsa, shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bunday qilmish uchun Jinoyat kodeksi 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni ko‘zda tutadi», dedi Erkin Yo‘ldoshev AOKAda tashkil etilgan brifing chog‘ida.

Uning ma'lum qilishicha, Senatning 24 mart kuni o‘tkazilgan yalpi majlisida karantin qoidalariga rioya etmaslik uchun jazo choralarini kuchaytirishga qaratilgan qonun ma'qullangan.

Shunga ko‘ra, bundan buyon karantin tartib-qoidalariga rioya qilmasdan, aholi sog‘ligiga xavf solayotgan fuqarolarga qonunda belgilangan eng qattiq jazo choralari ko‘riladi.

«Endilikda karantin qoidalarini buzganlik uchun ma'muriy jarima miqdori fuqarolar uchun 6 mln 690 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslar uchun 11 mln 150 ming so‘mgacha oshiriladi.

Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzgan huquqbuzarlarni ma'muriy yo‘l bilan ushlab turish vakolati berildi. Jinoiy jazo ham kuchaytirilib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutildi.

Bundan tashqari, karantin va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatish, aholi o‘rtasida asossiz vahima chiqarish uchun ham jinoiy javobgarlik belgilandi», deya Erkin Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top