14:24 / 25.03.2020
147803

Markaziy bank «kredit ta'tili»ni e'lon qilmoqda

O‘zbekiston Markaziy banki qarzdorlarning kredit to‘lovlari bilan bog‘liq riskini yumshatish yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank qarori bilan respublikadagi barcha tijorat banklariga, joriy yil 1 oktyabrga qadar, asosiy qarzni qaytarish bo‘yicha berilgan imtiyozlar bo‘yicha pul oqimi foiz to‘lovlariga yetmagan korxonalarga, zarur hollarda, hisoblangan foiz to‘lovlarini qaytarish bo‘yicha imtiyozli davr berish yuzasidan kredit shartnoma shartlariga o‘zgartish kiritish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya qilindi. 

Ta'kidlanishicha, Markaziy bank koronavirus xavfi va karantin rejimi tufayli faoliyati salbiy ta'sirga tushgan qarzdor-jismoniy shaxs hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning murojaatlari asosida kredit bo‘yicha to‘lovlarni qaytarish yuzasidan "kredit ta'tili"ni e'lon qilmoqda. 

Ushbu chora qarzdor shaxsning murojaati asosida, uning real daromadlari va imkoniyatlari hamda vaqtincha moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etilish muddatlaridan kelib chiqib, amalga tatbiq etiladi. "Kredit ta'tili" to‘lovlarni qaytarish yuzasidan imtiyozli davr va yakuniy to‘lovlar muddatlarini berilgan imtiyozli davrga mos ravishda uzaytirishni o‘z ichiga oladi. 

Ayni chog‘da qarzdorlarning kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklarini kechiktirilishida jarima sanksiyalarini qo‘llamaslik va undiruvchi kredit ta'minotiga qaratmaslik tavsiya etildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top