14:40 / 26.03.2020
6600

Bo‘zsuv kanaliga chiqindi tashlagan shaxslar javobgarlikka tortildi

Huquqbuzarlar tomonidan sodir etgan huquqbuzarligi oqibati bartaraf etilib, “Bo‘zsuv” kanali qirg‘og‘i chiqindilardan tozalandi 

Foto: Bosh prokuratura

2020 yil 23 mart kuni fuqaro U.A. (1964 y.t.) o‘zi istiqomat qiladigan Yunusobod tumani, Oqtepa mahallasi, Bo‘zsuv ko‘chasidagi uyning “Bo‘zsuv” kanali qirg‘og‘iga tutashgan orqa tomonini kengaytirish va bog‘ tashkil qilish maqsadida, haydovchi F.M.dan (1988 y.t.) kanal qirg‘oqlarini to‘ldirib berishni so‘ragan. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning yozishicha, HOWO rusumli yuk mashinasi haydovchisi F.M. va “ZIL” rusumli yuk mashinasi haydovchisi M.X. tomonidan qurilish chiqindilari yuk mashinalarida olib kelinib, “Bo‘zsuv” kanali qirg‘oqlariga to‘kilgan va suv ifloslantirilgan.  

Mazkur holat yuzasidan fuqaro U.A., F.M. va  M.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 72-moddasi (Suv zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 91-moddasi (Sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish) bilan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilib, har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya'ni 1 115 000 so‘mdan jami 3 345 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.  

Shu bilan birga, huquqbuzarlar tomonidan sodir etgan huquqbuzarligi oqibati bartaraf etilib, “Bo‘zsuv” kanali qirg‘og‘i huquqbuzarlar tomonidan tashlangan chiqindilardan tozalandi.   

“Bosh prokuratura atrof-muhit muhofazasi, ayniqsa, obi-hayot - suvlarni ifloslantirishga qaratilgan harakatlarning oldini olishda barcha yurtdoshlarimiz mas'ul ekanini eslatib, bu boradagi barchani ogohlikka chiqaradi. Aks holda, bundan xatti-harakatlar jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan huquqiy choralar qo‘llashga sabab bo‘lishi mumkin”, - deyiladi xabarda.

Top