01:38 / 27.03.2020
55362

«Ochiq dengizda bitta qayiqqa tushib qoldik». Fransiya qat'iy karantinda qanday yashamoqda?

Fransiyada mamlakat bo‘ylab karantin e'lon qilinganiga ikki hafta bo‘ldi. Karantinning ilk kunlarida fuqarolarni «jilovlash oson bo‘lmadi». Shu bois hukumat karantin shartlarini keskinlashtirib, fuqarolarni «uy qamog‘iga mahkum qildi».

Foto: AFP

Bugun fransiyaliklar jarima yoki politsiyadan emas, o‘limdan qo‘rqib ko‘chaga chiqmayapti. Farang o‘lkasida vaziyat jiddiy, karantin maygacha cho‘zilishi mumkin. Xitoy, Eron, Italiya va Ispaniyadan keyin virusdan eng ko‘p jabrlangan beshinchi davlat aynan Fransiya bo‘lib turibdi. Koronavirus aniqlangach hukumat jiddiy choralar ko‘rishga o‘tdi: maktab, restoran va kafelar yopildi. So‘ng har qanday yig‘in o‘tkazish taqiqlandi. Mamlakatda yoppasiga karantin e'lon qilindi.

Karantin boshida fransuzlar uni jiddiy qabul qilishmadi. Ular bahoriy kayfiyatda xiyobon, sohillar, tog‘-chang‘i komplekslariga borishni kanda qilishmadi. Karantin e'lon qilinganiga qaramay, jamoat joylaridan odam arimasdi. Holatni jiddiy baholagan mamlakat prezidenti Emmanuel Makron dushanba kuni fransiyaliklarga keskin ohangda murojaat bilan chiqdi: «Tarqalamiz! Biz jangdamiz! Qaysidir armiya yoki davlatga qarshi emas, ko‘rinmas yovga qarshi jangda!».

Qarshingdan odam chiqsa, chetga o‘t

Biarritsa markazidagi ko‘chada faqat shu yerda yashovchilar yugurishi mumkin. Lekin yonda ma'lumotnoma bo‘lishi kerak

Karantinning navbatdagi bosqichida qat'iy qoidalar e'lon qilindi. Unga ko‘ra, uydan faqat shoshilinch ehtiyoj yoki ish joyidan berilgan ma'lumotnoma bilangina chiqishga ruxsat berildi. Sababsiz uydan chiqqanlar 130 yevro miqdorida jarimaga tortiladi. Ikkinchi marta «radarga tushganlar» uchun esa jarima miqdori 1 000 yevro etib belgilandi.

Ikkinchi haftadan shartlar yanada og‘irlashdi. Endi uydan chiqishga faqat kuniga bir marta bir soatgagina ruxsat beriladi. Unda ham uydan 1 kilometr uzoq bo‘lmagan masofaga borish uchun. Ikki kishidan ortiq odamning yonma-yon yurishi taqiqlangan. Ba'zi hududlarda ko‘chada yurganda faqat yakka yurish, ro‘parasidan odam chiqsa, bir yarim metr masofa saqlash sharti joriy qilindi.

Sohillar, xiyobonlar, jamoat joylari yopildi. Qarindoshlarni ko‘rgani borish, Shengen zonasidan chiqish, to‘ylar, diniy marosimlar o‘tkazish mutlaqo taqiqlandi. Dafn marosimlarini yaqin qarindoshlar ishtirokida o‘tkazish belgilandi.

Sevishganlarga ham uchrashish mumkin emas

Bugun fransiyaliklar bir narsani tushunib yetishdi: odamlar bir-biri bilan qancha kam uchrashsa, virusdan saqlanib qolish imkoniyati shuncha oshadi. Ana shunda karantin uzoq cho‘zilmaydi va aholiga oshiqcha xavf tug‘ilmaydi. Bugun fransiyaliklarga quyidagi holatlarda uydan chiqish uchun ruxsat beriladi:

  • uydan turib bajarib bo‘lmaydigan vazifani ishxonaga borib bajarib kelish uchun;
  • kundalik kerak bo‘ladigan mahsulotlar uchun do‘konga chiqib kelish uchun;
  • shoshilinch holatda shifokor huzuriga borish uchun;
  • kasalmand qarindoshga yoki voyaga yetmagan bolalarga qarab turish uchun;
  • uydan bir kilometrdan uzoq bo‘lmagan masofaga itni sayr qildirish va toza havoda yolg‘iz sport bilan shug‘ullanish uchun bir soat.

Do‘stining oldiga mehmonga, ruhshunos seansiga yoki kosmetolok huzuriga borish, yaxshi ko‘rgan qizi bilan uchrashish kabi bahonalar inobatga olinmaydi. Darvoqe, bu imkoniyatlar faqat o‘zini yaxshi his qilayotganlar uchun. Agar oilada kimningdir mazasi bo‘lmasa, oila a'zolarining barchasi uydan chiqmay o‘tirishi shart.

Ba'zi viloyatlarda o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish ham mumkin emas. Shaharliklarning bir qismi karantin boshlanganda dala hovlilarga qarab «qochishdi». Mahalliy aholi «ular bizga virus olib kelyapti, oziq-ovqatlarimizni yeb bitirishadi, qishloq kasalxonasini to‘ldirib yotib olishadi», deb shaharliklarni xushlamay kutib oldi. Shu sabab tinchlikni saqlash maqsadida dala hovlilarga borgan shaharliklar uyiga qaytarildi.

Istalgan joyda sizni tekshirishlari mumkin

Bugun uyidan chiqayotgan har bir fransiyalik hokimiyat tasdiqlagan shaklda ism-sharifi, manzili, uydan chiqish vaqti, ko‘chaga chiqishdan maqsadi haqida yozib olishi va politsiya so‘raganda uni taqdim etishi lozim. Albatta, kimdir uydan bir necha marta chiqishi va har safar oldingi qog‘ozning nusxasini berib ketaverishi mumkin, ammo aksariyat fransiyaliklar bu masalada vijdonan ish tutmoqda.

Karantinning ilk kunlarida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘cha-ko‘yda tushgan fotosuratlarini joylab o‘ziga hech narsa qilmagani, hukumat ortiqcha vahima qilib yuborayotganini bemalol muhokama qilayotgan fransuzlar bir hafta o‘tib «biz uydamiz, siz ham uyda qoling», degan chaqiriqlarni targ‘ib qila boshladi.

Fransuzlar qo‘shnilari bilan tez-tez gaplasha boshlashdi / GETTY IMAGES

«Avvaliga odamlar barchasini yengil qabul qildi, virus osongina o‘tib ketadi deb o‘yladi. Keyinchalik koronavirus tufayli odamlar halok bo‘la boshlagach, uni jiddiy qabul qilib hukumatning chaqiriqlariga amal qila boshlashdi», deydi parijlik Mark Feliks.

Germaniya va Shveytsariya bilan chegaradosh Elzas shahrida virus yuqtirganlar halok bo‘layotgani haqidagi xabarlar odamlarni jiddiy tortishga majbur qildi. Bu shaharda bir kun ichida barcha kasalxonalar reanimatsiyasida joy qolmadi. Shundagina odamlar karantin shartlariga rioya qilishmasa, zamonaviy tibbiyot ham koronavirusga qarshi hech narsa qila olmasligini anglab yetishdi.

«Odamlar Elzasda, Italiya, Ispaniyada nimalar yuz berayotganini ko‘zlari bilan ko‘rib, karantin shartlariga rioya qilishmasa, o‘zlari ham virus qurboni bo‘lishlari mumkinligini tushunib yetishdi», deydi ikki haftadan buyon ikki farzandi bilan turmush o‘rtog‘idan ayro karantinda yashayotgan Emmanuel.

«Do‘stlarimiznikiga borishni, dengiz bo‘yida sayr qilishni xohlaymiz, havo yaxshi, biz yoshmiz, virus bizga zarar yetkazmasligi ham mumkin. Ammo aksariyat odamlarning uyda o‘tirganini ko‘rib, ayniqsa qariyalar qiynalib bo‘lsa ham o‘tirishibdi, biz har qanaqasiga sabr qilamiz va karantin tugamaguncha ko‘chaga chiqmoqchi emasmiz. Biz buni boshqalar hayotini saqlab qolish uchun ham qilamiz», deydi Emmanuelning qizi Eliz.

Niqob taqmagan bema'nilar

Parijlik Markning aytishicha bugun odamlar hukumatning taqiqi uchun emas, balki epidemiya tufayli uyda o‘tiribdi. Kasallanganlar va halok bo‘lganlar haqida oxirgi kunlarda e'lon qilinayotgan ma'lumotlar, shuningdek, tibbiyot xodimlari keltirayotgan dalillar barchani birday sergaklantirib hukumatning karantin haqidagi qarorlarini bajaradigan qilib qo‘ydi. Dovyuraklik o‘rnini ehtiyotkorlik egalladi. Endi Fransiyada niqob va qo‘lqopda yurish emas, ularni taqmaslik bema'nilik hisoblanmoqda.

Navbatlar kvartallar bo‘ylab uzayaadi - odamlar masofa saqlab joylashadi / GETTY IMAGES

Hukumat karantinning boshida odamlar uning shartlariga amal qilmayotganini ko‘rib hududlarda tartib saqlash va odamlarni nazorat qilish uchun 100 ming nafar politsiyachi va yana qo‘shimcha 250 ming huquqni himoya qilish xodimlarini jalb qildi. Shu holda ham ular katta shaharlar markazida uncha ko‘zga tashlanmaydi. Politsiya kimnidir tilxat yozilgan qog‘ozsiz ushlasa, birinchi safar ogohlantirish bilan kifoyalanmoqda. Qarshilik ko‘rsatganlargina jarimaga tortilmoqda.

«Biz fransiyaliklar ozodlikni sevamiz. Ayniqsa rasmiylar bilan munosabatda. Hozirgi holatni diktatura demaslik kerak. Bizda boshqa tanlov yo‘q. Hamma bu vaqtinchalik favqulodda holat ekanini tushunib turibdi», deydi Mark.

«Albatta, urush holatida emasmiz, ammo baribir yoqimsiz, buning ustiga uzoq vaqt bunday yashash... Menga bu hayot yoqadimi? Yo‘q, albatta. Ammo bu ham noyob tajriba. Eng qiyin masala bir necha kunlab bolalar bilan bir joyda qamoqdagiday o‘tirish.

Bir payt o‘g‘illarimdan biri otamni balkonga tortadi. Soat sakkizga bong urdi, tibbiyot xodimlarini olqishlash vaqti bo‘ldi. Qo‘shnilar allaqachon derazalardan, balkonlardan ular sha'niga qarsak chalishni boshlab yuborishdi. Ana shu shovqin paytida barchasini unutaman. Har kecha shu takrorlanadi», deydi Mark.

Ha, Fransiya va Italiyada har kuni kechki soat 20:00da odamlar balkonlariga chiqib shifokorlarni olqishlashadi. Kimdir qarsak chaladi, kimdir idish tovoqlarni bir-biriga urib taranglatadi.

Ota-onalarga oson bo‘lmayapti. Maktab onlayn davom etmoqda. Qiziqarli o‘yinlardan futbol yo‘q, stol tennisi yo‘q, ularni chalg‘itish uchun faqat kompyuter o‘yinlari qoldi: «Kunlarning o‘tishi juda ham qiyin bo‘lyapti», deydi Elizning otasi Stefan.

U jarroh, ammo rejadagi jarrohlik amaliyotlari bekor qilingan. Ish faqat favqulodda chaqiruvlarga navbatchilikda turishdan iborat. Musobaqalar to‘xtatilgani uchun televizordan regbini ko‘rsatishmaydi, turmush o‘rtog‘i masofadan ishlamoqda, bolalar onlayn ta'lim olmoqda. Qolgan vaqtda ularni uddalash esa oson ish emas.

«Oilalarimiz bilan Skype yoki Whatsapp orqali virtual ko‘rishamiz. Albatta, har kuni emas. Qo‘shnilar bilan masofa saqlab bo‘lsa ham gaplashib turibmiz, oramizda uch metr oraliq bo‘ladi», deydi Emmanuel. Begonalar bilan ko‘rishganda oraliq masofa ushlanadi. Ammo hozirgi holatda kim bilandir birga yashash virusdan ham xavfli.

MARC FELIX

«To‘qqiz oydan keyin hammayoq chaqaloqqa to‘lib ketadi. Ammo ungacha ajrashishlar ham ko‘paysa kerak. Bunday holatda birga yashash ham oson emas, ko‘pchilik sinovdan o‘ta olmasligi ham mumkin», deydi Mark.

«Karantin bu – sinov. Barcha bu labirintdan o‘zining yo‘li bilan chiqib ketadi. Kimlardir tizim, tuzilma, intizom va jadvalga muhtoj. Kimdir oqim bilan birga suzganda yaxshiroq eplaydi. Biz ochiq dengizda bitta qayiqqa tushib qoldik. Bizda boshqa imkoniyat yo‘q. Shuning uchun bir-birimizga sabrli bo‘lishimiz kerak. Mazali ovqat yeng, ozroq iching», deb o‘z xotirjamlik retseptini aytdi Mark.

U karantindagi hayotini mobil telefoni kamerasi yordamida suratga muhrlab bormoqda. U hozirgi hayotini oilaviy xronikaga «harakatsiz sayohat» deb nomlab qo‘shib qo‘ymoqchi. Mark barchasi xursandchilik bilan tugashiga ishonadi: «Bizni bu yerdan chiqarishganda haqiqiy bayram bo‘ladi. Musiqa, shodlik va baxt».

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top