10:31 / 27.03.2020
43340

Xotin-qizlarning OTMga ajratilgan qo‘shimcha grant asosidagi qabul tanlovida ishtiroki uchun tavsiyanomalar berish tartibi ochiqlandi

Oliy ta'lim muassasalariga xotin-qizlarni qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanomalar berish va o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlanadi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalariga xotin-qizlarni qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanomalar berish va o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Xotin-qizlarning respublika oliy ta'lim muassasalariga ajratilgan qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, u xotin-qizlarning respublika oliy ta'lim muassasalariga ajratilgan qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok uchun tavsiyanomalar berish tartibini belgilaydi.

Respublika oliy ta'lim muassasalariga ajratilgan qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ma'lumot olish istagida bo‘lgan iqtidorli xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanomalar quyidagi mezonlar asosida beriladi:

- kam ta'minlangan, doimiy daromadga ega bo‘lmagan va to‘lov kontraktini to‘lashga layoqatsiz bo‘lgan oilalar;

- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya'ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar;

- 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan beva ayollarning (er) qizlari;

- otasi yoki onasi nogiron bo‘lgan va kam ta'minlangan oilalar;

- og‘ir uy-joy sharoitlarida yashayotgan va doimiy uy-joyiga ega bo‘lmagan oilalar;

- ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan kam ta'minlangan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida hisobda turganlar;

- nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalar;

- oliy ma'lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan bir necha baravar past bo‘lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin hududlarda yashovchi oilalar farzandlari uchun ularni o‘z hududida muayyan muddat ishlash sharti bilan.

Xotin-qizlarning respublika oliy ta'lim muassasalariga ajratilgan qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma shaklga muvofiq beriladi.

Tavsiyanomalar blanklari qat'iy hisobda turuvchi hujjat hisoblanadi, hisob seriyasi, raqami va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘lgan, “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi.

Tavsiyanomalar sxema bo‘yicha oliy ma'lumot olish istagida bo‘lgan xotin-qizlarni O‘zbekiston Respublikasining bitta oliy ta'lim muassasasiga kirishi uchun uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar tarkibida xotin-qizlar ulushi kam bo‘lgan sohalardan kelib chiqqan holda ajratilgan davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlariga tanlovda ishtirok etish mumkin bo‘lgan ta'lim yo‘nalishlariga takliflar har yili 1 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

Tavsiyanomalarni berish masalasini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar rahbarlarining tegishli masalalar bo‘yicha o‘rinbosaridan iborat tarkibda Komissiya tuziladi.

Kamida besh nafar rahbar xodimlar va vakolatli mutaxassislardan iborat bo‘lgan Komissiya tarkibi va uning vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Unda quyidagi tarkibdan iborat Komissiyasi shakllantiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari ajratilgan davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlariga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilgan xotin-qizlar to‘g‘risidagi hujjatlarni har yili 10 iyunga qadar Komissiyaga taqdim etadi.

Komissiya ajratilgan davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlariga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilgan xotin-qizlar to‘g‘risidagi hujjatlarning mezonlarga muvofiqligini ko‘rib chiqadi.

Komissiya tomonidan ajratilgan davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlariga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etiladigan nomzodlardan talab qiladigan hujjatlar:

mahalladan tavsifnoma (mezonlar asosida hujjatlar ilovasi bilan);

ma'lumotnoma-obektivka;

umumiy o‘rta ta'lim yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini (akademik litseyini) tugatganligi haqidagi hujjat baholari ko‘rsatilgan ilovasi bilan;

pasport yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxalari.

Mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.

Komissiya taqdim etilgan hujjatlarni har yili 15 iyunga qadar ko‘rib chiqadi.

Komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuziladi, u komissiya tomonidan imzolanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining muhri bilan tasdiqlanadi.

Komissiya tomonidan saralab olinib, ajratilgan qo‘shimcha davlat granti asosida qabul ko‘rsatkichlariga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilgan qizlar to‘g‘risidagi xulosa va ularning ro‘yxati har yili 20 iyunga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga taqdim etiladi.

Komissiya ajratilgan qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga tanlovda ishtirok etish uchun xotin-qizlarga tavsiyanomalarni har yili 1 iyulga qadar topshiradi.

Top