12:30 / 28.03.2020
18084

Jizzax shahriga kirish va chiqish to‘xtatildi

Jizzax shahriga kirish chiqishni nazorat qilish uchun qo‘shimcha yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va blok postlar tashkil etiladi

Foto: KUN.UZ

Jizzax viloyat hokimining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida Jizzax shahrini karantinga olish to‘g‘risida”gi 2020 yil 27 martdagi 101-sonli qarori imzolandi.

Qaror viloyat hududiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan viloyat shtabi qarorlari ijrosini ta'minlash, shuningdek, viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta'minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda mutasaddi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida qabul qilindi.

Viloyat hokimining 2020 yil 25 martdagi 98-sonli qarori bilan tasdiqlangan viloyat hududiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan viloyat shtabi qarorlariga muvofiq Jizzax shahriga 2020 yil 28 mart soat 00.01dan boshlab kirish va chiqish to‘xtatildi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bilan Jizzax shahriga kirish chiqishni nazorat qilish uchun qo‘shimcha yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va blok postlar tashkil etadi.

Jizzax shahriga kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infeksiyasi alomatlarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy nazorat o‘rnatiladi.

Tashkil etilgan yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va blok postlarini pirometrlar (masofadan tana haroratini o‘lchovchi) va o‘tishga ruxsat etilgan avtotransport vositalarini majburiy ravishda dezinfeksiya qilinadi.

Jizzax shahridagi “Yoshlar shaharchasi”, “Istiqlol” va “O‘rda” ekologik istirohat bog‘lari faoliyati to‘xtatilib, fuqarolarning bog‘ hududiga kirishi ta'qiqlanadi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilib, tartibning amal qilish davrida quyidagilar kiradi:

Boshqa hududlardan Jizzax shahriga kirish va chiqish, shuningdek shahar ichida harakatlanuvchi avtobus, mikroavtobus vositalarining harakatlanishi to‘xtatiladi, yengil avtomobillarning harakati qisman cheklanadi;

Jizzax shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar, shuningdek, boshqa tumanlarda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan holda Jizzax shahrida mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari (nodavlat tashkilotlarida ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan tegishli ruxsatnoma asosida) xodimlari o‘zlariga biriktirilgan xizmat va xususiy avtomashinalarida yoki avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar asosida boshqarishi mumkin bo‘lgan avtotransport vositalarini belgilangan tartib va qoidalarga qat'iy rioya qilgan holda yuk tashish bilan bog‘liq hollarda Jizzax shahriga kirish va chiqishga ruxsat beriladi;

birinchi bosqichda Jizzax shahridagi “Markaziy dehqon” hamda “Eski shahar dehqon” bozorlari, savdo majmualari (supermarket, minimarket va boshqalar) kirish chiqish joylarida fuqarolarning tana haroratini o‘lchash uchun tegishli mutaxassislar bilan ta'minlagan holda pirometrlar va antiseptik vositalar bilan ta'minlanadi;

Jizzax shahriga boshqa hududlardan kirib kelayotgan barcha transport vositalari, tovar va yuklarning majburiy ravishda dezinfeksiya qilinishi ta'minlanadi;

davlat idoralari va tashkilotlarida fuqarolar hamda tadbirkorlik sub'yektlari vakillarini qabul qilish, ularga davlat va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkon qadar “onlayn” rejimga o‘tkaziladi;

idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'iy nazar barcha tashkilotlarning asosiy ish faoliyatiga ta'sir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat ta'tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (“onlayn” rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil etish choralari ko‘riladi.

Shahar va tumanlar hokimliklari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, Davlat soliq boshqarmasi rahbarlari dehqon va mol bozorlari ma'muriyati tomonidan bozorlarning kirish-chiqish joylariga tegishli mutaxassislar bilan fuqarolarning tana haroratini masofadan o‘lchovchi pirometrlar va antiseptik vositalar bilan ta'minlaydi, aks holda faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmasligini qat'iy nazoratga oladi.

Savdo va boshqa tashkilotlar bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi va uning quyi bo‘limlari bilan shartnomalar tuzish yo‘li bilan dezinfeksiya vositalari bilan ta'minlash ustidan nazorat o‘rnatadi.

Joylardagi dehqon va mol bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati hamda Jizzax shahridagi oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi muassasalar va dorixonalardan tashqari barcha tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyati to‘xtatiladi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi viloyat hududidan o‘tuvchi M39-magistral yo‘lining yoqasida joylashgan barcha savdo shoxobchalari, choyxona, restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish joylarining faoliyatini karantin tadbirlari tugagunga qadar to‘xtatish choralarini ko‘radi.

Viloyat transport boshqarmasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Jizzax shahri hududida faoliyat olib borayotgan yo‘nalishsiz taksilarni kunlik dezinfeksiya qilish hamda yo‘lkira haqining asossiz oshib ketishining oldini olish choralarini ko‘radi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top