19:27 / 29.03.2020
6587

Britaniyalik karantin vaqtida marafon masofasini o‘z uyida bosib o‘tdi

Bugungi kunda koronavirus tufayli dunyoning aksar davlatlarida karantin joriy etilgan. Dunyo bo‘ylab ko‘plab tadbirlar, sport musobaqalari bekor qilingan.

Foto: Twitter

Ammo qalovini topsa, qor ham yonadi deganlaridek, londonlik 36 yoshli Jyeyms Peyj karantin vaqtida ham sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishning yo‘lini topdi. U o‘z uyining tor hovlisida marafon masofasini bosib o‘tdi.

The Guardian nashri xabariga ko‘ra, Jyeyms koronavirus tarqalishigacha avval Londonda, keyin Sahroi Kabirda o‘tkaziladigan marafonlarda qatnashishni reja qilib bu musobaqalarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. Koronavirus tufayli har ikki musobaqa ham bekor qilindi. Buning ustiga, Britaniya hukumati karantin vaqtida fuqarolarga faqat o‘z uylaridan chiqmay sport bilan shug‘ullanishga ruxsat bergan.

Biroq Jyeyms bo‘sh kelmadi va musobaqalar uchun ko‘rgan tayyorgarligi zoye ketishini xohlamay, marafoncha yugurishni o‘z uyining tor hovlisida amalga oshirdi. U 4 soat-u 57 daqiqada o‘zining mo‘'jaz hovlisida 873 marta aylanib, 42 kilometr 195 metr masofani yugurib o‘tdi va hatto tomoshabinlardan saraton kasalligiga chalingan bolalarga yordam berish xayriya maqsadida uch ming funt sterling yig‘ishga ham ulgurdi.

Yugurish vaqtida Jyeyms tizzalarini shikastlamaslik va boshi aylanmasligi uchun har 20 daqiqada yo‘nalishni o‘zgartirib turdi. Qizig‘i shundaki, Jyeyms marafon so‘ngida finish chizig‘i lentasi o‘rniga hojatxona qog‘ozidan foydalandi va uni yirtib o‘tdi. 

Jyeymsning bu ishini hamma ham olqishlamadi. Internetda unga qarata qahr-g‘azabga yo‘g‘rilgan izohlar ham yozildi. Jyeymsning ishidan g‘azablanganlarning fikriga ko‘ra, do‘konlarda hojatxona qog‘ozi yetishmayotgan bir vaqtda marafonchining finish lentasi sifatida bu «noyob» qog‘ozdan foydalanishi insofdan emas.

Shuningdek, bayramona kayfiyatni Jyeymsning turmush o‘rtog‘i ham biroz buzdi. U devorda erining krossovkasidan qolgan izlarni ko‘rib, ta'bi tirriq bo‘lgan. Marafonchining aytishicha, biroz o‘tib xotinining jahli bosilgan va devorga yetkazilgan arzimagan zarar uchun uni kechirgan.

Qizig‘i, Jyeyms karantin davrida marafoncha yugurgan ilk odam emas. Avvalroq favqulodda holatlardan boshqa payt ko‘chaga chiqish taqiqlangan Fransiyada 32 yoshli fuqaro o‘zining bor yo‘g‘i 7 metrli balkonida 42 kilometr chopib, marafoncha yugurishni amalga oshirgani aytilgandi.

Ma'lumot uchun, marafoncha yugurish 1896 yilgi ilk olimpiada o‘yinlaridan boshlab musobaqalarga kiritilgan va an'anaviy tarzda erkaklar o‘rtasidagi g‘olib musobaqaning yopilish marosimi arafasida aniqlanadi. Plutarx asarlariga ko‘ra, marafoncha yugurish tarixi eramizdan avvalgi 490 yilga borib taqaladi. Afsonaga ko‘ra, Filippid ismli jangchi Marafon shahri yaqinidagi jangda greklar g‘olib bo‘lganini aytish uchun Marafondan Afinagacha yugurib boradi. Afinaliklarga g‘alaba xabarini yetkazgan jangchi yo‘lda holdan toyib halok bo‘ladi. U yugurib o‘tgan masofa esa aynan 42 kilometr 195 metrga teng bo‘lgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top