15:16 / 30.03.2020
12728

Fuqarolar qoidalarga rioya qilmagani uchun ham qat'iy cheklovlar o‘rnatilmoqda – IIV

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov maxsus stikerlar bo‘yicha yuzaga kelayotgan noroziliklarga munosabat bildirdi. Uning ta'kidicha, bunday cheklovlarning o‘rnatilishiga fuqarolarning xatti-harakatlari sabab bo‘lmoqda.

Foto: KUN.UZ

Bugun, 30 mart kuni AOKA qoshidagi maxsus shtabda tashkil etilgan onlayn brifingda IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov shaxsiy avtomobilda harakatlanishga cheklovlar qo‘yilayotganiga izoh berdi.

«Hukumat karantin qoidalari bo‘yicha cheklov e'lon qilishda, ayni vaqtda yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqadi.

Ya'ni fuqarolarga ko‘chaga chiqmaslik haqida juda ko‘p marotaba ogohlantirish berilishiga qaramasdan, ko‘pchilik bunga rioya etmadi. Shuning uchun hukumat qat'iy cheklovlarni kiritishga majbur bo‘ldi. Ayrim tushunmagan fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda salbiy munosabat bildirishmoqda», – dedi G‘iyosov.

IIV matbuot kotibiga ko‘ra, avtomobillarga ruxsatnoma olishda ko‘pchilikka rad javobi berilmoqda. Shu munosabat bilan u O‘zbekistonning yirik shaharlarida avtomobilda harakatlanishga imkon beruvchi stiker kimlarga berilishini eslatib o‘tdi:

  • oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning xizmat transporti va xodimlarining shaxsiy transporti;
  • sanitariya va gigiyena mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va chakana savdo, dorixona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning transport vositalari;
  • Toshkent viloyati va Toshkent shahrida barpo etilayotgan shifoxona va xiyobonlar qurilishiga jalb etilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli avtotransport vositalari.

«Boshqa transport vositalariga stiker berilmaydi. Davlat xizmatlari markazlarida to‘planmang, u yerdagi xodimlar va o‘zingizning asabingizni buzmang», – dedi IIV rasmiysi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top