22:05 / 01.04.2020
28924

Turkmaniston «koronavirus» so‘zini taqiqlamagan

Turkmanistonda «koronavirus» so‘zi taqiqlangani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq, deb yozadi Euroasianet.

Foto: turkmenistan.gov

Avvalroq, Amerikaning NPR (National Public Radio) radiostansiyasi Turkmanistonda «koronavirus» so‘zi taqiqlangani, hatto uni tilga olgan odamlar qamalishi mumkinligi haqidagi xabarni tarqatgan edi. Shundan so‘ng bu xabar dunyo ommaviy axborot vositalarida yashin tezligida yoyildi.

Turkmaniston hukumati mamlakatda koronavirus yuqtirib olgan odamlar yo‘qligini ta'kidlab kelmoqda. Bu axborotni tasdiqlash yoki rad qilish imkoniyati yo‘q, chunki mamlakat yuqori darajada yopiq bo‘lib qolmoqda.

Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov shu paytgacha «koronavirus» so‘zini tilga olmadi. Mos ravishda davlat idoralari va ommaviy axborot vositalari ham bu so‘zni ishlatmay kelmoqda. Bundan tashqari, aholiga koronavirus epidemiyasining oldini olish choralari to‘g‘risida ma'lumot beruvchi broshyuralarda ham infeksiyaning nomi ishlatilmagan. Biroq, bu «koronavirus» so‘zini ishlatish taqiqlanganini anglatmaydi.

Shunday bo‘lsa-da, mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Masalan, 25 mart kuni TDH axborot agentligi Xitoy, Turkiya, Rossiya va Belarusda ta'lim olayotgan minglab turkmanistonliklarni vataniga qaytarish bo‘yicha charter reyslari tashkil etilishini e'lon qildi. Bundan tashqari, koronavirus tarqalgan mamlakatlar bilan aviaqatnovlar to‘xtatildi. 1 aprel kuni BMTning Ashxoboddagi ofisi hukumat bilan hamkorlikda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralarini ishlab chiqayotganini e'lon qildi.

«Berdimuhammedov Turkmaniston tashqarisidagilarga g‘alati shaxsdek ko‘rinishi mumkin. Ammo mamlakat ichida uning gapi – qonun: agar u «koronavirus» so‘zini tilga olmayotgan bo‘lsa, demak hech kim uni aytishga botinolmaydi», - deb xulosa qildi Eurasianet nashrining Markaziy Osiyo bo‘limi muharriri Piter Leonard.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top