10:50 / 02.04.2020
28060

Amerikaliklar Fransiyaga mo‘ljallangan niqoblarni «ilib ketdi»

Xitoyda Fransiyadagi shifoxonalar va qariyalar uylariga mo‘ljallangan niqoblar shundoq samolyotga ortilishi oldidan amerikaliklar tomonidan uch barobar qimmatroqqa sotib olindi. 

Foto: TASS / Zuma

Bu haqda Fransiyaning Provans-Alp-Lojuvard regioni kengashi prezidenti Reno Myuzele ma'lum qildi.

Uning ta'kidlashicha, region rahbariyati xitoylik ishlab chiqaruvchilardan bir necha million dona himoya niqoblariga pulni to‘lab bergan va mahsulot jo‘natilishga tayyor bo‘lgan. Biroq oxirgi pallada buyurtma “ilib ketilgan”.

“Bugun ertalab Xitoyda yukni ortish vaqtida Fransiya buyurtmasi AQSh pullariga sotib olingan va Fransiyaga uchishi kerak bo‘lgan samolyot AQShga yo‘l olgan”, deb aytgan siyosatchi RT France telekanali efirida.

Liberation nashri Myuzele bilan bog‘langan, biroq u voqea tafsilotlariga berilib o‘tirmagan. Biroq nashr manbalari ushbu axborotni tasdiqlashgan va amerikaliklar butun dunyo bo‘ylab niqoblarni har qanday pulga sotib olayotganini qo‘shimcha qilishgan.

“Ular hattoki mahsulotga qarab o‘tirmay ham 2 barobar qimmatroq va naqd pul berishmoqda. Biz bunga qodir emasmiz”, deb aytgan manbalardan biri va fransuzlar buyurtma olinganda pulni to‘lashlarini qo‘shimcha qilgan.

Yangi Akvitaniya regioni kengashidagi manba Xitoyda yuz berayotgan voqealarni “logistik betartiblik” deb ta'riflagan. U buyurtma qilingan mahsulotni Xitoyning turli shaharlariga qayta yo‘naltirishiga to‘g‘ri kelganini, chunki yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi aeroportlar to‘lib-toshganini aytgan.

Bundan tashqari, AQSh milliardlab niqoblar sotib olmoqda va shu sababli Yevropadan tushayotgan nisbatan kichik buyurtmalar navbatning oxiriga qo‘yilmoqda. Liberation’ning xabar berishicha, regionlar ma'muriyatlari hukumatning himoya vositalari bilan ta'minlashdagi siyosatidan norozi bo‘lmoqda, chunki ularning o‘zlari bunday vositalar yetkazilishi bilan shug‘ullanishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ta'kidlanishicha, Fransiya regionlari umumiy hisobda Xitoyga 60 mlnta niqob buyurtma qilishgan.

Fransiyadagi manbalardan birining aytishicha, regionlar yetkazib beruvchilar kontaktlari bilan doimiy ravishda o‘zaro almashib turibdi. Biroq baribir firibgarlarga va shubhali kompaniyalarga duch kelish xavfi mavjud.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top