21:30 / 02.04.2020
12152

«Xayriya qilmaslik ayb emas». Vazirlik ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalar bo‘yicha munosabat bildirdi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda xayriya masalasi eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzular qatorida turibdi. Jumladan, fuqarolarimiz ma'lum toifa yoki kasb egalarining xayriya jarayonida yetarlicha faol emasligini tanqid ostiga olmoqdalar. Ushbu masala ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lganligi va ayni kunlarda o‘ta dolzarb ekanligini hisobga olib quyidagi fikrlarni ma'lum qilishni lozim deb topdik.

Birinchi, masalaning huquqiy jihati. «Homiylik to‘g‘risida»gi Qonunda yuridik va jismoniy shaxslar homiylikni ixtiyoriy ravishda hamda moneliksiz amalga oshirishga haqli ekanligi qayd etilgan. Xuddi shunday, Fuqarolik kodeksining 511-moddasiga ko‘ra xayr-ehsonni qabul qilishga biror kimsaning ruxsati yoki roziligi talab qilinmaydi.

Shunga ko‘ra, xayriya faoliyati ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladigan jarayondir va hech bir yuridik yoki jismoniy shaxsni turli ijtimoiy bosimlar yoki boshqa usullar bilan homiylik faoliyatiga majburlash mumkin emas. Shu bilan birga, qonunlarimiz har bir shaxsning o‘z mehnati bilan erishgan moddiy vositalarini qonunlarda belgilagan talablarga rioya etgan holda erkin tasarruf etishini kafolatlaydi.

Ikkinchi, masalaning axloqiy jihati. Birovni xayriya qilmaganlikda ayblash va buni yomon ish sifatida muhokama qilish umuminsoniy va milliy axloqiy-etik prinsiplarga mos emas. Chunki xayriya qilmaslik ayb emas, jinoyat ham emas. Eng muhimi, hech kim biror shaxsning aslida xayriya qilgan-qilmaganini aniq bilmaydi ham. Chunki ko‘pchilik xayr-ehson qilganda manmanlik, maqtanchoqlikdan yiroq bo‘lish uchun uni ommaga ma'lum qilmay, yashirin tarzda amalga oshirishi mumkin. San'atkorlar va yoki boshqa toifaning xayriya tadbirlaridan chetda turibdi deb ayblashimiz ularga nisbatan adolatsizlik hamdir.

Chunki «O‘zbekkonsert» tashkiloti bergan ma'lumotlariga ko‘ra, san'atkorlar karantin davridan buyon 352 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni xayriya qilgan. Biz bu xayriya tadbirlari yana davom etayotganiga ishonamiz. Bir mashhur rivoyatda aytilganidek, aslida bizga yomon ko‘ringan inson eng yaxshi ishlarni qilayotgan bo‘lishi va biz bundan bexabar bo‘lishimiz mumkin. Demak, o‘zimiz yaxshi bilmagan ma'lumotlar asosida, qolaversa qonunan va ma'nan haqqimiz bo‘lmagan holda birovlarni xayriya qilmaslikda ayblash to‘g‘ri emas.

Uchinchi, masalaning diniy jihati. Insonlar haqida yomon gumonda bo‘lish, yolg‘on va xato ma'lumotlar asosida birovlarni ayblash va malomat qilish Islom dinida ham qoralanadi. Qur'oni karimning «Hujurot» surasi 12-oyatida: «Ey, iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba'zi gumonlar gunohdir», deyilgan. Xayr-ehson, avvalo, Alloh yo‘lida va uning uchun qilinadi deb ishonadi mo‘min inson. Shunday ekan, bu Yaratgan va bandasi o‘rtasidagi masala bo‘lib, uni boshqalar baholashi va muhokama qilishi o‘rinlimikan?

Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, xayriya tadbirlari murakkab vaziyatda insonlarni o‘zaro yaqin va birdam bo‘lishga, jamiyatni yanada birlashishga sabab bo‘lmoqda. Bu ijobiy holat, chunki jamiyatning umumiy muammolar qarshisida birlashuvi fuqarolik jamiyatining kuchayishiga olib keluvchi ijobiy omildir. Biroq xayriya ixtiyoriy tadbir ekanini, uni har bir kimsa o‘z irodasi va shaxsiy tashabbusiga ko‘ra amalga oshirishi lozimligini, xayriya haqida noto‘g‘ri mulohazalar esa jamiyat birdamligiga putur yetkazishini unutmaslik kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Mavzuga oid
Top