18:57 / 04.04.2020
8137

Dilorom Toshmuhamedova: qat'iy tartib-intizomga rioya qilish shart

Oliy majlis senatining rasmiy saytida senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedovaning 3 aprel kuni prezident boshchiligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidan keyingi mulohazalari e'lon qilindi.

“Joriy yil 3 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari xalqimizga yana bir bor murojaat qilar ekan, qancha ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, ayrim joylarda karantin qoidalari buzilayotganini afsus bilan qayd etdi.

Ta'kidlanganidek, hozirgacha 22 mingdan ziyod ana shunday holat aniqlanib, 330 kishi karantin hududini tashlab ketgan. Karantin vaqtida ayrim mas'uliyatsiz shaxslar 24 ta turli ommaviy marosimlar o‘tkazganini sira oqlab bo‘lmaydi. Butun xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday noma'qul ishlarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi.

Prezident murojaatida ayrim davlatlarda yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi, milliy urf-odatlar bu kasallikni yengishda juda muhim omil bo‘layotgani ibrat qilib ko‘rsatildi. Jumladan, aholisi zich, qo‘shnilari bilan savdo aloqalari o‘ta rivojlangan bo‘lishiga qaramasdan, Yaponiya virusning keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymadi.

Mutaxassislar tomonidan “yapon fenomeni”ni ulardagi o‘ziga xos salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qo‘lni yuvish, to‘la yuvinish, to‘g‘ri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13 ta qoida va urf-odatlar saqlanib qolgani bilan asoslayotgani e'tirof etildi.

Shu o‘rinda koronavirus infeksiyasidan himoyalanish shartlari xalqimizning azaliy milliy qadriyatlari bilan uyg‘un ekanini ham ta'kidlash joiz. Ya'ni tozalikka, saranjom-sarishtalikka, ozodalik va poklikka, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kifoya. Shu bilan birga, karantin sharoitida e'lon qilingan tartib-qoidalarga qat'iy rioya etishimiz shart va zarur.

Hozirgi kunda mutaxassislar bizdan uyda qolish, masofadan turib ishlash, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik, shaxsiy gigiyena qoidalarini buzmaslik, farzandlarimizning uyda turib onlayn dars saboqlarini olishi va boshqa foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishlarini tavsiya qilishmoqda. Shunday ekan, davlat tomonidan xalq salomatligini o‘ylab epidemiologik xavf-xatarga qarshi barcha chora-tadbirlar ko‘rilayotgan bir vaqtda, berilayotgan ko‘rsatma va tavsiyalarga amal qilmaslik, loqayd va beparvo bo‘lish bizga umuman yarashmaydi. Aslini olganda, bizdan ko‘p narsa talab etilayotgani yo‘q, faqat karantin qoidalarini buzmaslik, uyda bo‘lishimiz so‘ralmoqda, xolos.

Ma'rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat “Oila” asarida yozgan ushbu hikmatli so‘zlarni bir yodga olaylik: “Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog‘liq. Tinchlik va totuvlik ana shu millat oilalarining intizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam bo‘ladi”.

Xulosa shuki, bugungi sinovli damlardan sog‘-omon, talafotlarsiz chiqib olishimiz, eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq” – deya yakunlanadi senatorning so‘zlari.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top