20:34 / 04.04.2020
59828

Propiska tizimini soddalashtirishga oid loyiha e'lon qilindi. Jiddiy o‘zgarishlar kutilmoqda

“Taraqqiyot strategiyasi” Markazi o‘zining rasmiy saytida Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Foto : KUN.UZ

Ta'kidlash joizki, mazkur qonun loyihasi prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi va Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.

E'lon qilingan loyihada ko‘pchilik fuqarolarning e'tirozlariga sabab bo‘layotgan “propiska” tushunchasi o‘rniga “ro‘yxatdan o‘tkazish” tushunchasi kiritilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulkni olishda ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish hamda yangi qurilgan uylarning oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini to‘lash haqidagi talablar bekor qilinmoqda.

Fuqarolarning birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini nafaqat o‘zi doimiy ro‘yxatda bo‘lgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi nazarda tutilmoqda.

Boshqa hududlarda doimiy ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Toshkent shahri va viloyatida uyni umumiy mulk huquqi asosida oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya, renta, umrbod ta'minlash sharti bilan boshqa shaxsga berish, garovga (ipotekaga) qo‘yish, ko‘chmas mulkdan voz kechish va ko‘chmas mulkni o‘zgaga berishning boshqa usullariga oid bitimlarni notarial tasdiqlashda ham ijtimoiy norma to‘g‘risidagi qoidalar inobatga olinishi lozimligi belgilanmoqda.

Doimiy propiska uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo‘qotilishi haqidagi qoidalarni qonunchilikdan chiqarib tashlash ko‘zda tutilgan.

Ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatga ega bo‘lgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi mumkin bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib, vakillik organlariga saylangan, tegishli davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va respublika ahamiyatidagi boshqa davlat tashkilotlariga tayinlangan xodimlar uchun doimiy ro‘yxat bo‘yicha lavozimni egallab turish davriga oid cheklov ham olib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish muddati uy-joy egasining roziligi asosida 1 yildan 5 yilgacha uzaytirilmoqda.

Ayni vaqtda, fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy

va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan, yashash muddati 10 kundan 15 kunga o‘zgartiriladi.

Shu bilan birga, doimiy va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish fuqaroning xohishiga ko‘ra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi hamda uning muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi.

Doimiy ro‘yxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechish va mazkur jarayonlarni raqamlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Doimiy ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil ro‘yxatdan chiqish tartibi, hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy ro‘yxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa bo‘limlariga borish tartibi bekor qilinib, ushbu jarayonlar idoralararo elektron dastur orqali amalga oshiriladi.

Tug‘ilgan bolaga Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida tug‘ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish vaqtida uni otasi yoki onasining doimiy ro‘yxat manzili bo‘yicha idoralararo avtomatlashgan tizim orqali doimiy ro‘yxatga olish tartibi kiritilmoqda.

Yuqoridagilardan tashqari, mas'ul idoralarga fuqarolarning o‘z xohishi bilan ro‘yxatda turishini rag‘batlantirish, doimiy ro‘yxat talab etiladigan davlat xizmatlarini vaqtinchalik ro‘yxat orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratish bo‘yicha zarur topshiriqlar berilgan.

Mazkur loyihalarning mazmuni taklif va mulohazalar bildirish hamda shu asosda ularni yanada takomillashtirish uchun Sizlarning e'tiboringizga havola etilmoqda.

Muhokama joriy yil 11 aprelga qadar davom etadi.

Qonun loyihalarini takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif, fikr va mulohazalaringizni quyidagi link orqali o‘tib qoldirishingiz mumkin.

Top