13:33 / 04.04.2020
39460

Toshkentdan Termizga yuk mashinasida kelgan yo‘lovchilar karantinga olindi

Foto: IIB axborot xizmati

O‘rnatilgan karantin qoidasini buzgan holda, Toshkentdan Termizga yuk mashinasi orqali yetib olishni ko‘zlagan yo‘lovchilar karantinga tushdi, deb xabar bermoqda IIV.

Joriy yilning 3 aprel kuni soat taxminan 11-30 lar chamasida Surxondaryo viloyati IIB patrul-post va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati xodimi Termiz shahrida yuk avtomobilida o‘z manziliga yetib olmoqchi bo‘lgan 8 nafar surxondaryolik yo‘lovchining karantin qoidasini buzganini aniqladi. 

Ma'lum qilinishicha, Isuzu rusumli yuk mashinasi haydovchisi Toshkent shahridan Surxondaryo viloyati markaziga yo‘lga tushib, o‘z mashinasida sakkiz nafar fuqaroning har birini 50 ming so‘m evaziga olib kelgan.

Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Termiz shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, sakkiz nafar noqonuniy yo‘lovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzilib, ular viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga karantinga olindi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top