Yevropaning havo navigatsiyasi xavfsizligi tashkiloti “Yevrokontrol” Instagram-akkauntida koronavirus pandemiyasi Yevropadagi aviaaloqaga qanday ta'sir qilganini namoyish qildi.
“Yevrokontrol”da 2019 yil 31 martdagi va 2020 yil 29 martdagi aviatsiya trafigi taqqoslangan. Buni ko‘rsatuvchi videoda hozirda osmonda samolyotlar bir yil avvalgiga qaraganda bir necha marta kamayganini ko‘rish mumkin. Bir yil avval bir vaqtning o‘zida 2374 ta reys, hozirda esa 278 ta reys bajarilmoqda.
Ta'kidlab o‘tish joiz, hozirda dunyo aviakompaniyalari pandemiya sababli inqirozga yuz tutmoqda. Aviatashuvlar sohasi ko‘p milliard dollarlik zarar ko‘rmoqda va oxirgi o‘n yillikdagi eng yomon yilni boshdan kechirmoqda..
CAPA konsalting aviatsiya markazi prognoziga ko‘ra, pandemiya may oyigacha dunyo aviakompaniyalarining yarmidan ko‘pini bankrotlikka olib keladi. Tahlilchilarning ta'kidlashicha, ko‘plab aviakompaniyalar qarzlarni to‘lashda jiddiy muammolarni his qilmoqda. Ularning mablag‘lari reyslarning bekor qilinishi va parvozlarga talabning keskin pasayishi sababli tez kamaymoqda.