20:10 / 05.04.2020
138352

Turkmanistonda koronavirus yo‘qligi aytilmoqda. Bu qanchalik ishonarli?

Covid-19 tez sur'atlarda tarqalishi ko‘plab mamlakatlarni qat'iy karantin choralari joriy etishga majburlamoqda. Dunyoning turli burchaklarida joylashgan mamlakatlardan reportajlar front chizig‘idan muhim xabarlar sifatida qaralmoqda. Dunyo xaritasidagi koronavirus qayd etilganini anglatuvchi qizil doiralar kundan-kunga kengaymoqda.

Foto: Getty Images

Ammo hamon bir qancha davlatlar global pandemiyadan chetda qolmoqda. Bunday davlatlar qatorida Turkmaniston ham bor, bu yerda hali ham koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Bu mamlakat - dunyodagi eng yopiq avtoritar davlatlardan biri hisoblanadi, shu tufayli bu mamlakat rasmiylari tomonidan berilayotgan ma'lumotlar shaffofligiga shubha bor.

«Turkmaniston sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy statistikasi ishonchli emasligi ma'lum», deydi ushbu mamlakatdagi salomatlik tizimini o‘rgangan professor, London gigiyena va tropik tibbiyot maktabi vakili Martin Makki.

«Ko‘p yillar mobaynida ular mamlakatda OIV-infeksiyasidan zararlanishning atigi ikki holati mavjudligi haqida aytib kelishadi. Lekin bu ma'lumot mutlaqot xato. O‘tgan o‘n yillar davomida ular mamlakatda OIV/OITS bilan kasallanganlar yo‘qligini ta'kidlab kelishdi. Bu raqam ham haqiqatga mos kelmaydi. Biz yana shuni bilamizki, 2000-yillarda ular qator kasalliklar avj olishini yashirishgan, jumladan vaboni ham», deya o‘z shubhalarini asoslaydi Makki.

BBC muxbiri Abdujalil Abdurasulovning qayd etishicha, bu yerdagi ko‘pchilik mamlakatda allaqachon koronavirus mavjud bo‘lishi mumkinligi haqida aytishga ham qo‘rqadi.

«Davlat tuzilmasida ishlaydigan tanishlarimdan biri virus haqida gapirmasligim kerakligi, aks holda muammolarga duch kelishim mumkinligi haqida aytgandi», deydi o‘z nomi sir qolishini so‘ragan ashxobodliklardan biri.

Shu bilan birgalikda, Turkmaniston hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi choralarga tayyorlash bo‘yicha ish olib bormoqda. BMTning Turkmanistondagi agentligi, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotii bilan hamkorlikdagi harakatlar rejasi muhokama qilinmoqda.

Kurash rejasi

Yelena Panovaning aytishicha, BMT Turkmanistondagi vaziyat bo‘yicha rasmiy ma'lumotlarga asoslanadi
UNITED NATIONS

BMTning Turkmanistondagi vakili Yelena Panova BBC bilan suhbatda bu reja koronavirusni aniqlash, tashxis qo‘yish, kommunikatsiya va boshqa muhim yo‘nalishlarda muvofiqlikda harakatlanishni ko‘zda tutadi.

Panova muxbirning BMT ushbu mamlakatdagi holat bo‘yicha statistikaga qanchalik ishonishi haqidagi savoliga shunday javob qaytargan: «Biz boshqa barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi rasmiy ma'lumotga tayanamiz. Hukumat bizga va JSSTga ma'lumotlarni taqdim etadi, bu biz shu ma'lumotlarga asoslanib ish yuritamiz. Bu yerda ishonch haqida gap ketmayapti, ish shunday yo‘lga qo‘yilgan».

Yelena Panovaning e'tibor qaratishicha, bu mamlakat barchadan avvalroq qatnovlarga qo‘ygan cheklovlar samara berayotgan bo‘lishi va shu vaqtgacha mamlakatga virus kirib kelmagan bo‘lishi mumkin.

Turkmaniston chindan ham barchadan avvalroq chegaralarini yopdi, Xitoy bilan aviaqatnovlar fevral oyi boshidayoq to‘xtatildi, barcha xorijiy reyslarni amalga oshirish poytaxtdan Turkmanobod shahriga ko‘chirildi, bu yerda karantin hududi tashkil etilgan.

Ammo guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hamma ham karantin o‘tamayapti. Ashxobodda yashovchilarning so‘zlariga ko‘ra, chetdan kelayotganlar Turkmanoboddagi karantin hududlarini pora berib tark etishi mumkin.

Panovaning tasdiqlashicha, xorijdan keluvchilar va kasallik alomatlari borlar koronavirusni aniqlash uchun test qilinadi. Ammo u mamlakatda bir kunda qancha test o‘tkazilishi va bu yerda qancha test to‘plamlari mavjudligi to‘g‘risidagi savolga javob berishga qiynalgan.

«Rasmiylar bizga yetarlicha test jihozlari borligini aytishadi», deydi u.

Ammo sog‘liqni saqlash tizimi qanchalik tayyor?

«Biz bilmaymiz. Hukumat bizga ular ma'lum darajada tayyor ekanliklarini aytishadi, biz esa bunga shubha bildirmaymiz. Bu yerdagi shifoxonalar yaxshi jihozlangan.

Ammo virus tarqalishi avj olsa sog‘liqni saqlash tizimiga kuchli bosimga uchraydi, bu holda qanchalar tayyor bo‘lish muhim emas, har qanday tayyorgarlik yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun biz hukumat vakillariga shifoxonalarni sun'iy nafas oldirish apparatlari bilan jihozlash zarurati haqida aytmoqdamiz», deydi Panova.

Ashxobodda do‘konlar ishlashda davom etmoqda

Dunyodagi ko‘plab davlatlarda qat'iy karantin tufayli hayot to‘xtab qolgan mahalda, Turkmaniston hukumati mamlakatda hayot o‘z izida davom etayotganini va o‘zgarishlar yo‘qligini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Kafe va restoranlar ochiq. Odamlar to‘y qilishda va xursandchilik qilishda davom etmoqda. Hech kim niqob taqmayapti va bayramlar bekor qilinmayapti.

Shunday tasavvur paydo bo‘ladiki, hukumat fuqarolarning e'tiborini pandemiyadan chalg‘itmoqchi. Bu yerda Covid-19 tarqalishi haqida gap ketganida, uni koronavirus deb emas, o‘tkir respirator kasallik sifatida atashadi. Bu so‘z taqiqda bo‘lmasada, uni amalda tilga olishmaydi.

Masalan, 27 mart kuni mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qilgani to‘g‘risida O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati tomonidan berilgan xabarda «ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha ikki mamlakatda ko‘rilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilingani» aytiladi. Ammo Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida va mahalliy nashrlarda bu jumla keltirilmagan.

«Biz Covid-19 infeksiyasi Xitoydan dunyoning boshqa mamlakatlariga qanday tarqalganini ko‘rib turibmiz. Biz yashayotgan bu global iqtisodiyot dunyosida har qanday davlat dunyodagi eng zaif davlatdan ko‘ra xavfsizroq emas. Shuning uchun pandemiyani jiddiy qabul qilmayotgan siyosatchilar ko‘p xavotirlarga sabab bo‘lmoqda… chunki boshqa davlatlar epidemiyani nazoratga olsa ham, buni uddalay olmagan davlatlar tufayli infeksiya tarqalishi davom etishi mumkin.  Turkmaniston esa shunday davlatlardan biri bo‘lishi ehtimoli yuqori», deydi professor Makki.

Ammo jahondagi eng yopiq davlatlardan biri bo‘lmish Turkmaniston pandemiya vahimasidan chetda qola olmaydi. Hukumat ayni vaqtda shaharlar aro harakatni cheklagan. Ashxobodga kirishda politsiya postlari o‘rnatilgan, bu yerlarda kirib keluvchilarning tana harorati o‘lchanadi va oilaviy shifokordan ma'lumotnoma so‘raladi.

Prezident isiriq tutuni qator infeksiyali kasalliklarning oldini olish haqida aytganidan keyin ko‘plar do‘konlarda va ofislarda isiriq tutata boshladi. «Qayerga kirmay, hamma joyda shu hid, endi isiriq narxi avvalgidan uch barobar oshib ketdi», deydi Ashxobodda yashovchilardan biri.

Turkmanistonda har qanday ijtimoiy muammo rejim asoslariga zarba berishi mumkin. Koronavirus avj olishi esa «qudrat va baxtiyorlik davri»ga har qanday muxolif kuchlardan ko‘ra kattaroq tahdiddir.

Bu pandemiya «sog‘liq va baxt» shiori ostida o‘tkazib kelinayotgan barcha tadbirlar, ertalabki badantarbiya va sigaretni namoyishkorona yoqish kabi aksiyalar aslida aholining haqiqiy muammolarini yashirish ekanini ko‘rsatib qo‘yishi mumkin.

Salomatlik – prezident Gurbanguli Berdimuhamedov shaxsiyatiga sig‘inish kulti asoslaridan biridir. Davlat televideniyesi doimiy ravishda u sportzalda vazirlari qarshisida qanday badantarbiya qilayotgani yoki velopoygaga boshchilik qilayotganini namoyish etadi. Bunday roliklardan asosiy maqsad - millat prezident tufayli sog‘lomligi, demakki, baxtiyorligini ko‘rsatishdir.

Aynan shuning uchun koronavirus paydo bo‘lsa ham hukumat vakillari zararlanish holatlarini yashirishga urinishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top