20:40 / 06.04.2020
33954

Armaniston va Qozog‘istonda koronavirusdan zararlanganlar orasida o‘zbekistonliklar borligi ma'lum bo‘ldi

Armanistonda bir nafar, Qozog‘istonda esa ikki nafar o‘zbekistonlikka koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Foto: Getty Images

Sputnik Armeniya nashri Tavush oblasti gubernatori Ayk Chobanyanga asoslanib xabar berishicha, Armanistonga Gruziyadan Bagratashen nazorat o‘tkazish punkti orqali kirgan yuk mashinasi haydovchisida virus aniqlangan va u O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi. Haydovchining tana harorati yuqoriligi aniqlangach, u darhol izolyatsiya qilinib, kasalxonaga olib borilgan.

«Tavush oblastida zararlanish holati qayd etilgan O‘zbekiston fuqarosi mahalliy tibbiy markazga joylashtirilgan», degan Chobanyan.

Shuningdek, 6 aprel kuni Qozog‘istonning Mang‘istov oblastida 2 kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan va ular O‘zbekiston fuqarolaridir. Oblast ichki siyosat bo‘yicha boshqarmasi rahbari Yerjan Kumiskaliyevning ma'lum qilishicha, Oqtov shahrida vaqtinchalik yashayotgan 2 nafar o‘zbekistonlikda fuqarosida koronavirus aniqlangan, ular Qizilo‘rda oblastida koronavirusga chalingan shaxs bilan aloqada bo‘lgani aniqlangan. Ayni vaqtda ular yashagan ko‘p qavatli uyning bir qismi karantin uchun yopilgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi oxirida Avstriyada O‘zbekiston fuqarosida koronavirus aniqlangan edi. Aprel oyi boshida esa AQShning Nyu-York shahrida ikki nafar o‘zbekistonlik koronavirusdan vafot etgani ma'lum bo‘ldi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top