07:26 / 06.04.2020
38978

Koronavirusga chalingan Boris Jonson shifoxonaga yotqizildi

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson koronavirusga chalingandan 10 kun o‘tib ko‘rikdan o‘tkazilgani shifoxonaga yotqizildi.

Foto: Matt Dunham / AP

Ta'kidlanishicha, bunday qaror uni davolovchi shifokor tavsiyasiga ko‘ra qabul qilingan. Bosh vazir ofisida Jonsonda koronavirusga chalinganlik tashxisi qo‘yilgandan 10 kun o‘tib ham kasallik alomatlari saqlanib qolayotgani va shu sababli uning shifoxonaga yotqizilishi ehtiyot chorasi ekanligi aytilgan.

Ta'kidlanishicha, Jonsonda yuqori tana harorati saqlanib turibdi va yo‘tal o‘tmayapti.

“Bi-bi-si” telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, Jonson shifoxonada tahlil topshirish uchun qoladi. Shuningdek, u hukumat ishini boshqarishda davom etadi, biroq hukumatning 6 aprelda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga bag‘ishlangan yig‘ilishi tashqi ishlar vaziri Dominik Raab raisligida o‘tadi.   

Bu orada Angliya sog‘liqni saqlash tizimi rahbariyatiga yaqin manbaning xabar berishicha, shifoxonada Jonsonda o‘pkani sun'iy shamollatish o‘tkaziladi. 

Britaniya bosh vaziri koronavirusga chalingani 27 mart kuni ma'lum bo‘lgan. O‘shanda Jonson unda kasallik alomatlari – yuqori tana harorati va yo‘tal paydo bo‘lgandan keyin tahlil topshirishga qaror qilganini ma'lum qilgan. Shundan keyin siyosatchi karantinga ketib, uydan ishlashga qaror qilgan.

2 aprelda Jonson tvitterda videomurojaat e'lon qilib, unda o‘zini yaxshi his qilayotgani, biroq hali ham harorati balandligi va shu sababli karantinni davom ettirishini ma'lum qilgan.

Bosh vazirdan farzand kutayotgan qaylig‘i Kerri Saymonds ham koronavirusga chalingan. U 4 aprelda bir hafta virus alomatlari bilan to‘shakda yotganini ma'lum qilgan. Saymondsning ta'kidlashicha, hozirda uning ahvoli yaxshilangan.

Ayni vaqtda Britaniyada koronavirusga chalinganlar soni 47,8 ming nafarni, vafot etganlar 4934 nafarni tashkil qilmoqda. 24 martdan beri mamlakatda karantin rejimi amal qilmoqda. Fuqarolarga uylaridan oziq-ovqat mahsulotlari va birinchi ehtiyojdagi buyumlar xaridi, ishga borish, sport bilan shug‘ullanish va tibbiy yordam olish uchungina ko‘chaga chiqishga ruxsat berilgan.  

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top