17:42 / 06.04.2020
41228

Nurafshon hokimi o‘rinbosarining buyrug‘i bilan tabiatga 100 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazildi

Nurafshon shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bunyod Saidxo‘jayevning noqonuniy buyrug‘i bilan shahardagi «Degantepa» mahalla hududida 10 tup daraxt kesib tashlandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmatidan Kun.uz’ga ma'lum qilishlaricha, kecha, 5 aprel kuni qo‘mitaning Toshkent viloyatidagi nazorat inspeksiyasi hodimlari ishtirokida mahalla hududida o‘rganish tadbiri o‘tkazilgan.

Unda 9 tup archa va 1 tup chinor daraxtlari tag qismidan kesilgan hamda 1 tup chinor daraxti o‘sishdan to‘xtash darajasigacha shikastlantirilgani aniqlangan.

«Ko‘rsatilgan manzilda daraxtlarni kesish ishlarini olib borayotgan fuqarolardan bunga ruxsat beruvchi tegishli hujjatlar so‘ralganda, ular qo‘lida hech qanday hujjati yo‘qligi va daraxtlarni kesish uchun Nurafshon shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosaridan topshiriq bo‘lganini ma'lum qilgan.

Shundan so‘ng, o‘zini Nurafshon shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bunyod deb tanishtirgan shaxs kelib, mahalla hududida yo‘l qurilish ishlari olib borilayotgani va shu munosabat bilan daraxtlarni kesish ishlari boshlaganini aytgan.

U o‘z so‘zida, shuningdek, daraxt kesish uchun «Yagona darcha»dan ruxsat olinganini ham qo‘shimcha qilgan.

Holat bo‘yicha hokim o‘rinbosaridan yozma ravishda tushuntirish so‘ralganda, uni berishdan bosh tortgan va daraxt kesish ishlarini olib borayotgan shaxslarni ham tarqatib yuborgan», deyiladi xabarda.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu holatda tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 109 mln 270 000 so‘mni tashkil qilgan.

Hozirda to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.

Top