12:40 / 07.04.2020
17143

«Mehnat patenti to‘lovini vaqtincha kechiktirish bo‘yicha Rossiya hukumatiga nota yuborilgan» - TIV

Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatiladigan yordam haqida ma'lumot berdi.

Vazirlik matbuot kotibi Avazbek Hojimetovning aytishicha, karantin davrida mehnat patenti to‘lovini vaqtincha kechiktirish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi hukumatiga nota yuborilgan.

«Rossiyada koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida 30 aprelgacha barcha tashkilotlarning faoliyati to‘xtatildi. Natijada Rossiyadagi hamyurtlarimiz vaqtincha ishsiz qolmoqda va bu holat ularning daromadlariga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatyapti.

Shu sababli Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga mehnat patenti bo‘yicha to‘lovlar muhlatini ishlanmaydigan davr tugab, mehnat bozori tiklangunicha kechiktirish, shu vaqt mobaynida mehnat muhojirlarini ma'muriy javobgarlikka tortmaslikni so‘rab rasmiy nota yubordi.

Hozirgi paytda mazkur masala Rossiya Federatsiyasining vakolatli organlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda», deya Avazbek Hojimetovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, vazirlik vakili O‘zbekistonga qaytish maqsadida Novosibirsk aeroportida to‘plangan o‘zbekistonliklarning haydab chiqarilishi holati bo‘yicha izoh berdi.

«O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi yordami bilan 2020 yil 22 mart kuni «Tolmachevo» aeroportida bo‘lgan O‘zbekistonning 253 nafar fuqarosining barchasi charter reys bilan qaytarilgan edi.

Respublika maxsus komissiyasining 30 martdan 20 aprelga qadar mamlakatimizdagi barcha aeroportlarni vaqtincha yopish va aviareyslarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinganiga qaramay, O‘zbekiston fuqarolarining Novosibirsk aeroportiga kelishi davom etmoqda.

2020 yil 2 aprelda «Tolmachevo» aeroporti rahbariyati tomonidan ichki reyslar uchun elektron chiptaga ega bo‘lgan yo‘lovchilardan boshqa shaxslarning aeroportga kirishini cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shu kunning o‘zida Bosh konsulxona vakillari aeroportga kelib, barcha 87 nafar o‘zbekistonlikni hostelga joylashtirgan. Vaziyat nazoratga olingan, diplomatlarimiz ularning holidan xabar olib turibdi», dedi Avazbek Hojimetov AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top