14:37 / 07.04.2020
97113

«O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi ko‘tarilish bosqichida» - Otabekov

Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov O‘zbekiston koronavirusdan zararlanishning pik davri kechayotganini ma'lum qildi.

«Har qanday epidemiyaning boshlanish, ko‘tarilish, avj olish, pasayish, bartaraf etilish davrlari bo‘ladi. Biz hozir kasallikning ko‘tarilish davridamiz. Chunki karantindagi barcha 100 ming odamni 14 kun davomida kuzatib bo‘lganimiz yo‘q. Agar biz karantinga qat'iy rioya etsak, o‘ylaymizki, 2-3 hafta mobaynida kasallikning kamayishiga erishamiz», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh inspektor so‘nggi kunlarda virus bilan kasallanganlar soni keskin o‘sib borayotganiga izoh berdi.

«Kasallanganlar soni karantinga olinganlar hisobiga ortyapti. Avval ham ma'lum qilinganidek, hozirda respublika bo‘yicha 61 715 nafar kishi uyda, 23 316 nafar kishi statsionar sharoitda karantinga olingan. Ular epidemiologik vaziyat notinch bo‘lgan hududlardan olib kelinganlar va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar hisoblanadi.

Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarning barchasi aniqlanmaguncha bunday holat davom etadi. Karantin va izolyatsiya choralaridan maqsad ham shu», dedi Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

«Virus yuqqanining birinchi o‘n kunligida belgilar sezilmasligi mumkin. Chunki uning organizmdagi miqdori kam bo‘ladi. Virus ko‘paya boshlagach, o‘zini bilintira boshlaydi. Bu 12-, 13-kunlarga ham to‘g‘ri kelishi mumkin. Shu bois, O‘zbekistonda ham butun dunyoda qo‘llanayotgan rejimda ish tutilyapti. Ya'ni izolyatsiyada saqlash va kuzatish, test qilish (o‘z vaqtida tashxis qo‘yish), natija musbat chiqqanda davolash», deya qo‘shimcha qildi u.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusdan zararlanishning ilk holati tasdiqlangandi. Aprel oyi boshida kunlik holatlar soni o‘sa boshladi, xususan, 5-7 aprel kunlari 200dan ortiq kishida virus aniqlandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top