13:00 / 07.04.2020
11090

Qudratimiz – birlikda, biz g‘alaba qozonamiz!

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi barcha vatandoshlar, mehnatkashlar, faxriylar, ayollar va yoshlarga murojaat yo‘lladi.

Bugun dunyoda kezib yurgan tahlikali sharpa – koronavirus infeksiyasi ko‘rinmas qo‘li bilan insonlarning shirin joniga chang solish harakatida bo‘lmoqda. Uning yana bir dahshatli i­zi jahon iqtisodiyotini tanazzulga yetaklamoqda. Xalqlar farovonligi va dunyo iqtisodiyoti taraqqiyotiga zarba bermoqda. Kun-u tun shovqinga to‘lgan shaharlar birin-ketin jimgina bo‘shab qolmoqda… Bu mash'um pandemiyaning dunyo va biz ko‘rayotgan hozirgi manzaralari… Hali kelajakda yana nimalar ro‘y berishini esa hech kim bilmaydi… Ammo xalqimizning qalbida bir ishonch borki, bu sinovlardan talafotsiz o‘tish umidi – Allohning marhamati, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati, millat birdamligiga ishonchdir.

Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiya­sining oldini olish va unga qarshi kurash bo‘­yicha strategik rejani o‘z vaqtida va juda qisqa fursatda qabul qildi. Mamlakatda mintaqalar xususiyatlarini hisobga olgan holda epidemiyaga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratildi. Umumiy maqsad aniqlandi – qat'iyat bilan kasallik tarqalishining oldini olish. Buning kuchi shundaki, butun mamlakat ushbu pandemiyaga qarshi kurashda yagona rejaga amal qilishi zarur. Ushbu yo‘nalishdagi asosiy jihatlar infeksiya manbasini nazorat qilish va uning tarqalish yo‘llarini yopishdir.

Millat lideri profilaktika va nazoratning asosiy talablarini aniq belgilab berdi: erta aniqlash, erta ma'lumot berish, erta karantin va erta davolash, bemorlar, mutaxassislar va imkoniyatlarni kerakli joylarda jamlash. Asosiy vazifa davolanishga qabul qilingan va davolanib bo‘lgan bemorlar sonini oshirish, shuningdek, kasallikni yuqtirish ko‘rsatkichini kamaytirish bo‘ldi.

Odamlar harakatini qat'iy va har tomonlama nazorat qilish va boshqarish juda muhim ahamiyatga ega. Bunday strategik yechimni ishlab chiqish uchun Shavkat Mirziyoyevning ulkan siyosiy jasorati kerak edi. Agar yordam qo‘lini cho‘zish kerak bo‘lsa, albatta, qo‘l cho‘zilishi kerak, chunki ikkilanish odamlarda tartibsizlik va vahima uyg‘otishi mumkin.

Biz ishonamizki, O‘zbekiston xalqi o‘z davlatining qudrati va ruhini, ulkan mas'uliyat va onglilikni namoyon etmoqda, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Nafaqat o‘zbek xalqining, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta'minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda.

Virus tarqalishining oldini olish uchun mamlakatdagi eng yirik jamoatchilik tashkilotining 5 millionlik armiyasi va mahallalarning har bir a'zosi karantin nima uchun zarurligini anglab yetishi kerak. Bugun bizning asosiy vazifamiz uyda qolish ekanini hech kim yodidan chiqarmasligi lozim.

Bu virus hech kimni – na boyni, na kambag‘alni, hech bir mamlakatni ayab o‘tirmaydi. Oilamiz va do‘stlarimizni asrab qolish uchun uyda qolishimiz kerakligini tushunmaslik va bu talablarni e'tiborsiz qoldirish XIYoNATdir.

Davlatimiz rahbari bizni imkon qadar hushyorlikni yo‘qotishdan ehtiyot bo‘lishga undaydi, biz tasodifga ishonmasligimiz va harakatlarimizni susaytirmasligimiz kerak. Aks holda, bu erishilgan barcha natijalarni yo‘q qilish darajasidagi og‘ir oqibatlarga olib keladi. Davlat idoralari, barcha darajadagi rahbarlar, kasaba uyushma tashkilotlari, mamlakatning barcha vatanparvar fuqarolari pandemiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni davom ettirish uchun tishni tishga qo‘yib, qo‘llarni musht qilib, g‘alabaga bo‘lgan ishonchlarini kuchaytirishlari talab etiladi.

Prezidentimiz tibbiyot xodimlari bu pandemiyani yengishda asosiy kuch ekanini alohida ta'kidlamoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun xorijlik mutaxassislarning imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga pandemiyaga qarshi kurashda jangovar ruhni saqlab qolish­lari, insonlar hayotini himoya qilish, shahd va shiddati, kuchli irodasini namoyon etishlari uchun ruhiy madad va doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishi lozim.

Iqtisodiyot va jamiyat – bu uzoq vaqt bir joyda to‘xtab qolishi mumkin bo‘lmagan yagona tizim. Prezident ta'kidlaganidek, koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olishni kafolatlash bilan bir qatorda, ishlab chiqarishni qayta tiklash, odamlar hayoti xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish maqsadlariga erishish zarur.

Aziz vatandoshlar!

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya­­si barcha vatandoshlar, ishchi-xizmatchilar, faxriylar, ayollar va yoshlarni xalqimiz tomonidan yakdillik bilan saylangan muhtaram Millatimiz Sardori Shavkat Mirziyoyevning da'vatlari yo‘lida birlashishga va boshimizga tushgan jiddiy sinovni tezroq yengib o‘tish uchun barcha sa'y-harakatlarni safarbar etishga chaqiradi:

– Bugun Vatanimizning har bir farzandi koronavirusga qarshi kurashish va uning hayo­timizga salbiy ta'sirini kamaytirish uchun shaxsiy javobgarligini his qilishi zarur;

– Ishlab chiqarish korxonalari, firma va kompaniyalar ishchilari, mard va tanti fermerlarimiz, ijtimoiy soha vakillari o‘z faoliyatini iqtisodiyotimiz barqarorligi – O‘zbekistonimiz farovonligining asosini ta'minlash uchun bir necha barobar oshirishi kerak;

– Shifokorlarimiz, hamshiralarimiz, sanitarlarimiz, qo‘yingki, barcha tibbiyot xodimlari bugun fidoyilik, jonfido qahramonlik ko‘rsatib mehnat qilmoqdalar. Barchamiz ularning talab va tavsiyalariga qat'iy rioya qilishimiz va so‘zsiz itoat etishimiz shart;

– Biz aziz faxriylarimizni, keksa yurtdosh­larimizni donolik va bosiqlikka, karantin bekor qilinmaguncha uylaridan chiqmaslikka, yosh avlodga intizom namunasini ko‘rsatishga va shifokorlar tavsiyalariga amal qilishga chaqiramiz!

– Biz ayollarimiz, onalarimiz va opa-singillarimizni – oila o‘chog‘ining chinakam farishtalarini biron bir uyga, biron bir oilaga balo kelmasligi uchun barcha xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga undaymiz!

– Biz kelajak avlod – o‘g‘il va qizlarimizni ehtiyotkorlik va vazminlikni unutmaslik, vaziyatdan foydalanib, bilimlarini oshirishi, davlatimiz sa'y-harakati bilan tayyorlanayotgan televizion darslar va o‘quv dasturlarini qoldirmay ko‘rishga chaqiramiz!

– Ishonchimiz komilki, mamlakat fuqarolarining tinchligi va xavfsizligini kun-u tun himoya qilayotgan fidoyi huquq-tartibot idoralari xodimlari bundan keyin ham o‘z vazifalarini sidqidildan bajaradilar. Biz ularga O‘zbekistonning barcha mintaqalarida barqarorlik va tartibni saqlashga qaratilgan karantin tadbirlarini so‘zsiz amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berishimiz lozim.

– Ushbu og‘ir davrda o‘zining g‘ayriijtimoiy harakatlari bilan mamlakatimizdagi vaziyatni izdan chiqarishga urinayotgan ayrim fitnachilarning turli mish-mish, faraz-u taxminlarining oldini olish uchun barchamiz qat'iy choralar ko‘rishimiz talab etiladi.

– Birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz bilan Prezidentimiz atrofida birlashsak, shak-shubhasiz, barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tamiz!

– Yangi O‘zbekiston hayotining bosh tamoyilini hech qachon unutmang: «…Hech bir odam, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimizning e'tibori va g‘amxo‘rligisiz qolmaydi!» deyiladi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Plenumining shu yil 4 apreldagi murojaatida.

Mavzuga oid
Top