16:11 / 08.04.2020
7533

Karantin vaqtida «gibrid pochta» xizmatidan foydalanish tavsiya etildi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘zbekistonliklarga karantin vaqtida eng xavfsiz bo‘lgan gibrid pochta xizmatidan foydalanishni tavsiya etdi.

Foto: KUN.UZ

Berilgan izohga ko‘ra, «gibrid pochta» xizmati bu – zamonaviy AKT tizimlari imkoniyatlaridan unumli foydalanilgan holda, elektron tarzda qabul qilingan ma'lumotlarni buyurtmali yoki oddiy xat-xabarlar shaklida pochta aloqasi yordamida qabul qiluvchi jismoniy yoki yuridik shaxslarga yetkazib berish xizmati hisoblanadi.

«Xizmati maxsus tizim bazasiga kelib tushgan ma'lumotlar respublikaning tumanlarida joylashgan pochta aloqasi tarmoqlarida qog‘oz ko‘rinishida chop etiladi, konvertlanadi va yetkazib beriladi. Jo‘natma taqdim etilgandan so‘ng holati bo‘yicha elektron tarzda tasdiqlovchi ma'lumot beriladi.

Jo‘natmalar o‘z vaqtida, ishonchli yetkazib berilishi doimiy nazorat qilib boriladi. Har bir jo‘natmaning holati to‘g‘risida biriktirilgan shtrix-kod orqali maxsus dasturdan ma'lumot olish imkoniyati mavjud», – dedi vazirlik axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmadov 8 aprel kungi brifingda.

Qayd etilishicha, bu xizmat orqali Davlat xizmatlari agentligi hujjatlari, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining jarima xabarnomalari, Toshkent shahar Majburiy ijro byurosining xabarnomalari va boshqa shu kabi jo‘natmalar yetkazib berilmoqda.

«Vazirlik barcha davlat idoralari va boshqa tashkilotlarga «O‘zbekiston pochtasi» AJning «Gibrid pochta» xizmatidan foydalanishni tavsiya etadi.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, «O‘zbekiston pochtasi» AJ boshqa davlatlardan barcha turdagi pochta jo‘natmalarini sanitariya-epidemiologik jihatdan ularning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rgan holda qabul qilmoqda va yubormoqda», – dedi Sherzod Ahmadov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top