19:32 / 08.04.2020
10571

Shaharlarga yuk mashinalarida yashirincha odam olib kirish holatlari aniqlanmoqda

Ohangaronlik fuqaro o‘z yuk mashinasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan birga 4 kishini Toshkentga olib kirmoqchi bo‘ldi. Haydovchi buning uchun ularning har biridan 50 ming so‘mdan olgan.

Foto: KUN.UZ

Bu haqda IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov 8 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Hozirgi kunda Toshkent shahriga kirish va chiqish vaqtincha tashkil etilgan 34ta post orqali amalga oshiriladi. Barcha postlarda yuk transporti uchun alohida yo‘lakchalar tashkil etilgan bo‘lib, yuk transportini Toshkent shahriga kirib chiqishiga hech qanday to‘siq yoki cheklov yo‘q. Lekin ayrim fuqarolarimiz bu imkoniyatni suiiste'mol qilishmoqda.

Masalan, 4 aprel kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumanida yashovchi 1973 y.t. fuqaro o‘zining yuk mashinasida qishloq xo‘jaligi mahsuloti bilan birga 4 nafar fuqaroni belgilangan cheklovlarga zid ravishda Toshkent shahriga olib kirmoqchi bo‘lgani, xizmati uchun ularning har biridan 50 ming so‘mdan olgani aniqlandi», dedi Shohrux G‘iyosov.

IIV rasmiysiga ko‘ra, karantin qoidalarini buzish bilan bog‘liq shu kabi harakatlar Toshkent shahriga kirish postlarining o‘zida 20dan ortiq holatda kuzatilgan.

Termiz, Namangan, Samarqand va Buxoro shaharlariga ham kirib-chiqishda bunday holatlar bir necha martalab aniqlangan.

«Toshkent shahriga kirib kelmoqchi bo‘lgan, boshqa viloyatlarda tergov va suddan yashiringan 3ta qidiruvdagi shaxs ushlangan hamda 4ta holatda Toshkent shahrida sotishga mo‘ljallangan narkotik va psixotrop moddalarni olib kirish holatlari aniqlangan. Mazkur huquqbuzarliklarning barchasi yuk tashish mashinalaridan foydalanib sodir etilgan.

Bunday va boshqa holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, postlarda turgan ichki ishlar organlari xodimlari boshqa idoralar bilan hamkorlikda shubhali tuyulgan yuk transportini tekshirishga xaqli. To‘g‘ri tushunib, asabbuzarlik qilmasliklaringizni so‘raymiz», dedi Shohrux G‘iyosov.

 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top