00:43 / 08.04.2020
33681

Yomg‘irdan keyin Samarqanddagi uylarni suv bosdi

Bir necha kun ketma-ket yog‘gan yomg‘ir Samarqanddagi ko‘chalar suv bosishiga olib keldi. Yomg‘ir oqibatida kelib chiqqan toshqin odamlarning uyiga ham zarar yetkazdi.

Tahririyatga Samarqand shahridagi «Istiqbol» mahallasi fuqarolari murojaat qilishdi. Ular uylarini suv bosgani, mahalliy hokimiyatdan yordam kutayotganlarini aytishdi. Suv odamlar uyining ichigacha kirib borgan.

Bu mahalla pastlikda joylashgani uchun yomg‘ir yoqqanda suv bosishi odatiy holga aylangan. Mahallaning ijtimoiy muammolari haqida 2019 yil 29 noyabr kuni Kun.uz`da «Istiqboli ko‘rinmayotgan istiqbolliklar» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda yomg‘ir vaqti bu mahallani suv bosishi haqida ham so‘z boradi.

2012 yilda ham xuddi shu kabi suv bosgan vaqtda odamlarni ko‘chirish masalasi ko‘tarilgan va kadastr xodimlari uylarni o‘lchab chiqib, ular buzilishi va o‘rniga uy berilishi mumkinligi aytilgan. Ammo mutasaddilar keyinchalik jim bo‘lib ketishgan.

Uyining ichigacha suv bosgan odamlar karantin vaqtida kayerga borishini bilmayapti. Ular mahalliy hokimiyat yordam berishidan umidvor.

Mahallaning ijtimoiy muammolari haqida oldingi chiqishimiz hokimiyat tomonidan javobsiz qoldirilgandi. Bu gal esa ahvol jiddiy. Shundoq ham qiyin pallada bu qo‘shimcha muammo... Xullas, «Istiqbol»liklarga yordam zarur.

O‘tkir Jalolxonov

Top