08:40 / 11.04.2020
39975

Quruvchi Uchtepa tumani prokurori pulini bermaganini aytmoqda. Shahar prokuraturasi xolis tekshiruv o‘tkazganmi?

Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 17-maktabgacha ta'lim muassasasi 2019 yilning yanvarida kapital ta'mirlash uchun «Castle» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga topshirilgan edi. Korxona rahbari Stanislav Pak xorazmlik Doniyor Sattorovni 2019 yilning aprel oyida shu bog‘chaga plastik deraza-rom yasab berish uchun jalb qiladi. Hamma tomosha shundan keyin boshlanadi.

«Bog‘chaning qurilishi 2019 yil yanvar oyida boshlangan. Men aprel oyida akfa romlarini yasab berish uchun kelganman. «Castle» firmasining rahbari Stanislav Pak bilan kelishgan holda romlarni o‘rnatishni boshlaganimizdan keyin u ikki oycha yo‘q bo‘lib qoldi. Ishlar chala qolgandi. O‘sha paytda Uchtepa tumaniga yangi prokuror etib tayinlangan Jobir Azimov kelib Stanislav ketgani, qurilishni o‘zim davom ettiraverishim mumkinligi, pulni qilib berishini aytdi.

Davlatning odami bo‘lgani uchun uning gapiga ishonib ishni kelgan joyidan davom ettiraverdim. O‘rtada hech qanday yozma shartnoma qilingani yo‘q, faqat og‘zaki kelishuv bo‘lgan. 3,5 oycha ishladik, ancha ish qilindi. 30-40 nafar odam ishladi bu yerda. Buni tasdiqlaydigan guvohlarim ham bor.

Har kuni Uchtepa tuman prokuraturasining Akmal ismli tergovchisi kelib odam sonini sanab ketardi. 3,5 oydan keyin ishni to‘xtatinglar, ishlaringni baholatib sizlar bilan hisob-kitob qilamiz deyishdi.

Hozirgi kunga kelib, va'dalaridan tonishyapti, shuncha xarajat qilganman, qarzga qurilish materiallari olganman, ishchi ishlatganman, hammasining pulini berishim kerak. Holbuki men bulardan shu yerning qurilishini menga beringlar deb yalinib olganim yo‘q. Tuman prokurorining topshirig‘ini bajardim. Endi bo‘lsa, men va ishchilarim tomonidan qilingan ishlarni qurilishni chala tashlab ketgan Stanislav Pakning «bajargan ishlari ro‘yxati»ga tirkab qo‘yishibdi. Go‘yoki, biz hech narsa qilmagan bo‘lib chiqyapmiz», deydi qurilish tashkiloti rahbari Doniyor Sattorov.

Qurilishda ishlagan boshqa ishchilar ham uning gaplarini tasdiqlaydi.

«2019 yilning yanvar oyidan oktabr oyi oxirigacha 17-bog‘cha qurilishida ishladik. Ammo haligacha ish haqimizni olganimiz yo‘q. Mening ish haqim – 20 mln so‘m bo‘lgan. Uchtepa tumani prokurori Jobir Azimov Stanislav Pak qurilishni tashlab ketib qolganda ishni Doniyor Sattorovga topshirib, pulingni naqd beraman deb aytgandi. Shu sababli pulimizni berishlarini so‘rab tuman prokuraturasiga bordik. Bizni prokuror qabul qilmadi, ichkarigayam kiritishmadi. Faqat bir marta hayitda 15 ishchiga 100 ming so‘m berilgan xolos. Boshqa pul olganimiz yo‘q», deydi Mardonbek Rahimov.

«Bog‘cha qurilishida 3 oy ishladim. «Otkos», «shpatlyovka» – hammasini qilganmiz. Qilgan ishlarim uchun 2 mln so‘m berishlari kerak, ammo hozirgacha ish haqimizni olganimiz yo‘q. Menga o‘xshab oyligini ololmaganlar o‘z viloyatiga ketib qolishdi, lekin ish haqlari berilishidan umidvor, hozirgacha telefon qilib, pul qachon berilishini so‘rashadi.

Orada qurilish materiallari bo‘lmagani uchun ishlar bir necha marta to‘xtab qoldi. Yeb-ichishgayam pulimiz qolmagan kunlari mardikor bozorga chiqib kelib yurdik. Pulimizni berishlarini so‘rab Uchtepa tumani hokimligiga bordik. Ertaga beramiz, indinga beramiz deb haligacha berishgani yo‘q», deydi Akmal Hidoyatov.

17-maktabgacha ta'lim tashkiloti qozonxonasi gaz operatori bo‘lib ishlovchi Ilhom Aymatovning aytishicha, Doniyor Sattorov bu yerga kelgunicha 7-8ta guruh almashib ulgurgan. Ish o‘lda-jo‘lda bo‘lib yotgan bir vaqtda tumanga yangi prokuror tayinlanib, u Doniyor Sattorovga qurilishni davom ettiraverishni, xarajatlar uchun ketadigan pulni yetkazib berishini aytgan.

«Bog‘cha tuman prokurorining sektoriga qaraydi. Shu sababli qurilishga Uchtepa tumani prokururasi xodimlari bosh-qosh bo‘lishdi. Ularning gapiga ishonib, Doniyor qurilish materiallarini olib kelib ishni boshlab yubordi. Biroq aytilgan vaqtda pulini berishmagandan keyin materiallarni qarzga berganlardan kaltak yegan kunlariyam bo‘ldi. Ish haligacha sudralib yuribdi. Olgan materiallarining pulini, qurilishda ishlagan ishchilarga ish haqini berishi kerak. Portalgacha chiqishdi, bormagan joylari qolmadi, lekin natija yo‘q. Shu yerda ishlaganim uchun bularning hammasiga guvohman», deydi Ilhom Aymatov.

Doniyor Sattorov bog‘chani ta'mirlash uchun 160 mln so‘m sarflagani, orada Uchtepa tumani prokurori Jobir Azimov MDF eshiklar uchun 13,7 mln so‘m va boshqa xarajatlar uchun 20 mln so‘m naqd pul berganini, qolgan xarajatlarni o‘zining hisobidan qilganini aytmoqda.

«Boshida qop-qop va'da berib, ishni tezroq bitiraylik deb, endi mendan pulingni so‘rama, sening puling bilan hech kimning ishi yo‘q, pulingni Stanislav Pakdan ol deyishyapti. Men tuman prokurori aytgan ishlarni qilgan bo‘lsam, nima uchun pulimni «Castle» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbaridan olishim kerak?

Bu masala yuzasidan tuman hokimi Farhod Abdullayevning qabuliga ham kirib chiqdik. U yerda menga hech bo‘lmaganda boshqa obekt berilishini aytishdi. 25 yanvargacha ishim hal bo‘lishini va'da qilishgandi. Mana hozirgacha hech qanday yordam ham bo‘lgani yo‘q, puldan ham darak yo‘q», deydi Doniyor Sattorov.

Uchtepa tumani prokurori Jobir Azimov esa «Castle» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari qurilishni chala tashlab ketganda Doniyor Sattorovga ishlarni davom ettirishni tayinlagani, xizmat haqini o‘zi berishga va'da qilganini rad etdi. Uning aytishicha, Sattorovga berilgan naqd pullar tuman hokimligi va homiylar yordami hisoblanadi.

«Bunday gap bo‘lmagan. Stanislav Pak yo‘qolib qolganda Doniyor Sattorov ishchilariga ish haqi berishim kerak, pul bering deb kelganda biz uni qidirganmiz, Sattorov ariza bergan. Stanislav Pakni topganimizda u puli yo‘qligi, boshqa qurilish obektini olayotgani, puli tushsa hisob-kitob qilishini aytgan. Biroq 17-bog‘chada ishlagan ishchilar qayta-qayta pulini so‘rab kelavergani uchun tuman hokimligi va homiylar yordamida pul qilib berilgan. Boshqa yonimdan pul bermaganman.

Qurilish obektiga bir necha marta borganimning sababi 17-bog‘cha qurilishi tuman prokuraturasi tashabbusi bilan boshlangan. Men o‘zim may oyi oxirida ishga tayinlangan bo‘lsam, bu obektning qurilishi men kelgunimga qadar, ya'ni fevral oyidayoq boshlangan. Ish boshlaganimdan keyin 17-bog‘chani ko‘rgani bordim. Bog‘cha homiylik mablag‘lari hisobidan qurilayotgan bo‘lgan. Bu obektga budjet hisobidan mablag‘ ajratilmagan. Bor pul ishlatib bo‘lingani uchun qurilish to‘xtab qolgan.

Borgan vaqtimda ma'lum miqdorda qurilish materiallari bor edi. Shularni ishlatib, Pak bilan kelishuvga ko‘ra qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni oxiriga yetkazib qo‘yishlarini aytganman, xolos. Sattorovga «Castle» MChJ bajarganidan tashqari qo‘shimcha ish aytmaganman. Qo‘shimcha eshik o‘rnatgan ekan, uning pulini keyingi pudratchi to‘lab berdi.

«Castle» korxonasi rahbarini chaqirtirib, buning sababini so‘raganimizda pul tushirilsa ishni davom ettirishini aytdi. Shu bilan u boshqa obekt olib bu yerga kelmay qo‘ydi. Shundan so‘ng homiylarni jalb etib, qurilish ishlarini davom ettirish uchun amaliy yordam so‘rab tuman hokimligiga murojaat qilganmiz. Hokimlik imkon qadar ajratgan mablag‘ ishlatilgan, pul tugaganda ishlar to‘xtab qolavergan», deydi prokuror.

Biroq Uchtepa tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi hisobchisi Furqat Rasulov tuman prokurorining so‘zlarini rad etuvchi ma'lumotlarni taqdim etdi. Uning aytishicha, 17-bog‘chaning qurilishi uchun 2019 yilda 800 mln so‘m ajratilgan. Shuningdek, aprel oyida tasdiqlanishi kutilayotgan 2020 yil uchun smeta xarajatlarida qurilishni davom ettirish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

«17-bog‘chaning qurilishi 2019 yil fevral oyida boshlangan. Biz dastlab «Castle» mas'uliyati cheklangan jamiyati, so‘ng «Ali Odil Baraka» firmasi bilan shartnoma tuzganmiz. Bu odamni [Doniyor Sattorovni] tanimayman, qaysi firmaning rahbari ekanini bilmayman. U bilan shartnoma qilmaganmiz», deydi u.

Uchtepa tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri o‘rinbosari Jamila Jamilovaning ta'kidlashicha, mazkur muammoni hal qilish uchun tuman hokimligi o‘rnatilgan tartibda yordam berib, barcha hujjatlarni ko‘rib chiqmoqda. U quruvchi firmaning amalga oshirgan ishlari o‘rganib chiqilgach, haqiqatda shuncha pulli ish bajarilgani tasdig‘ini topsa va bajarilgan ishlar talabga javob beradimi-yo‘qmi, shu masalalarga aniqlik kiritilsa, bu pullar albatta to‘lab berilishini ma'lum qildi.

Uchtepa tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi bosh muhandisi Ma'murjon G‘aniyev nizoli vaziyat yuzaga kelgani sababli 17-bog‘cha qurilishiga oid barcha hujjatlar tuman prokuraturasiga taqdim qilinganini bildirdi. Shu sababli qurilish hujjatlari bilan tanishishning imkoni bo‘lmadi.

Tuman prokurori Jobir Azimov quruvchi Doniyor Sattorov bajarganini aytayotgan ishlar «Castle» mas'uliyati cheklangan jamiyati bergan va tuman maktabgacha ta'lim bo‘limiga taqdim qilgan hisobotlarda aks etganini ta'kidlamoqda.

«Doniyor Sattorovning shikoyati bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi ichki inspeksiyasi o‘tkazgan xizmat tekshiruvi davomida shahar prokuraturasida tomonlar yuzlashtirildi. Yuzlashtirish jarayonida Stanislav Pak D.Sattorov qilingan ishlarning narxini oshirib ko‘rsatgani, hisob-kitobi bo‘yicha o‘rtalarida 20 mln so‘m qarzdorlik mavjudligi va bu pulni imkon qadar qisqa muddatda to‘lab berishini aytdi», deydi u.

Biroq Kun.uz muxbiri bilan suhbatda D.Sattorov shahar prokuraturasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv jarayonida mutlaqo boshqa gap-so‘zlar bo‘lib o‘tganini, prokuratura xodimlari unga bosim o‘tkazishganini aytdi.

«Yuzlashuv jarayonida Stanislav Pak men qilgan xarajatlarning atigi 20 mln so‘mini tan olgani bo‘lmagan gap. Chunki o‘rtada 121 mln so‘m haqida gap boryapti. Jobir Azimov yolg‘on gapiryapti. «Castle» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari 800 mln so‘mga arzimagan ishni bajarib ketgan. Men shuncha qilgan ishim uchun 121 mln so‘rayapman. Stanislav Pak va men qilgan ishlarimni solishtirsa, 800 mln bemaqsad ishlatilgani, kerak bo‘lsa o‘zlashtirilgani ma'lum bo‘ladi. Men qilgan ishlarni mengacha ishlagan quruvchining bajargan ishlari ro‘yxatiga qo‘shib, meni yolg‘onchiga chiqarishga urinayotganlarining sababi ham shunda. O‘yin bo‘lyapti bu yerda.

Shahar prokuraturasida bo‘lgan uchrashuvda qilingan ishlar uchun men taqdim qilgan 121 mln so‘mdan 15 mln so‘m qaysi asosga ko‘ra kamaytirilganini so‘radim. Javob bera olishmadi. Qilingan ishlarimiz bo‘yicha qayta nazorat o‘lchovini o‘tkazgan mutaxassisdan nimaga qarab bunday xulosa berganini so‘rasam, u qog‘oz bo‘yicha gapirayotganini aytdi. U aslida qurilish obektiga borib qilingan ishlarni santimetrigacha o‘lchashi kerak edi», deydi Doniyor Sattorov.

Darvoqe, quruvchining shikoyati bo‘yicha Uchtepa tumani prokuroridan izoh olishimiz oson kechmadi, bunga qariyb bir oyga yaqin vaqt ketdi. Kun.uz ijodiy guruhi shu yilning 5 mart kuni tuman prokuraturasiga borganida Jobir Azimov o‘rnida yo‘q edi. Tuman prokurori o‘rinbosari rahbari kelishi bilan tashrifimiz haqida yetkazishini aytib, telefon raqamlarni olib qoldi. Biroq bir necha kun davomida qilgan qo‘ng‘iroqlarimizdan keyin ham tuman prokurori bilan uchrashish, telefonda bo‘lsin suhbatlashishning imkoni bo‘lmadi. Faqatgina Bosh prokuratura matbuot xizmati yordamida Jobir Azimov bilan telefon orqali bog‘lana oldik.

Murojaat bo‘yicha jurnalistik surishtiruvning ilk kunlarida Doniyor Sattorov bajargani aytilayotgan ishlar «Castle» mas'uliyati cheklangan jamiyati bergan va tuman maktabgacha ta'lim bo‘limiga taqdim qilgan hisobotlarda aks etgani haqida gap yo‘q edi. Bu «bahona» prokurorning vaziyatdan chiqishi uchun o‘ylab topgan «usuli» bo‘lsa ne ajab... Chunki tuman Maktabgacha ta'lim bo‘limi bosh muhandisi Ma'murjon G‘aniyev yuqorida 17-bog‘cha qurilishiga oid barcha hujjatlar tuman prokuraturasiga taqdim qilinganini aytgandi. O‘tgan vaqt mobaynida voqealar rivoji tuman prokuraturasi manfaatlariga moslab «to‘g‘rilab» qo‘yilmaganiga kim kafolat beradi? Qolaversa, 17-bog‘cha qurilishi uchun 2019 yilda ajratilgan 800 mln so‘m qayerga ketgan? Toshkent shahar prokuraturasi xizmat tekshiruvi davomida quruq qog‘ozlarga ishonib qolmasdan nima uchun masalaning bu jihatiga e'tibor qaratmadi, jabrlanuvchilar va guvohlardan ko‘rsatma olmadi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkita ish o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshida ko‘tarishga tayyorligini aytgan edi. Davlat rahbarining ushbu so‘zlari barcha mansabdorlar uchun tadbirkorlar bilan muloqotda namuna bo‘lishi kerak aslida. Yuqori turuvchi prokuratura organlari mazkur masalani xolis ko‘rib chiqishiga ko‘maklashadi deb umid qilib qolamiz.

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Mirvohid Mirrahimov, tasvirchi

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top